Toshkentda 86 yoshli ayolning uyiga qamab ketilgani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Toshkent shahrida 86 yoshli ayol uyiga qamab, qarovsiz qoldirilgani haqidagi xabarlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarga ko‘ra, keksa ayol ikki hafta davomida uyda yolg‘iz, och va suvsiz qolgan. Uyning eshigi qulflangan bo‘lib, ko‘ngilli fuqaro tomonidan ochilgan va ayolga zarur yordam ko‘rsatilgan. Qarovchi esa bir kun avval kelib, uni ovqatlantirib ketganini bildirgan.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, holat Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan o‘rganilgan. Aniqlanishicha, 1940-yilda tug‘ilgan L. Juravlyova Mirzo Ulug‘bek tumanidagi xonadonda yolg‘iz yashab kelgan hamda sog‘lig‘i bilan bog‘liq bir qator kasalliklar sababli dispanser hisobida turgan.
Shuningdek, ayolga tegishli xonadon 2025-yil 25-sentyabr kuni notarial tartibda oldi-sotdi shartnomasi asosida boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirilgani aniqlangan.
Tekshiruv davomida uy-joyni begonalashtirish vaqtida fuqaroning o‘z harakatlarining mazmunini anglash va ularni boshqarish qobiliyati, shuningdek, firibgarlik qurboni bo‘lgan-bo‘lmagani o‘rganilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom etmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!