Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish tartibi tasdiqlandi
O‘zbekistonda boshlang‘ich ta’lim o‘qituvchilariga milliy sertifikat berish bo‘yicha malaka imtihonlarini o‘tkazish tartibi tasdiqlandi. Bu Hukumatning 29-iyuldagi qarori bilan belgilandi.
Qarorga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab B+ va undan yuqori darajadagi milliy sertifikatga ega hamda boshlang‘ich sinflarda dars beruvchi o‘qituvchilarga sertifikat amal qilgan davr mobaynida davlat byudjeti hisobidan lavozim maoshiga har oy 15 foiz ustama to‘lanadi.
Nizomga muvofiq, malaka imtihonlarini Bilim va malakalarni baholash agentligi tashkil etadi. Imtihonda qatnashish uchun talabgor my.gov.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tadi va BHMning 1,5 baravari miqdorida to‘lov amalga oshiradi.
Natijalar xalqaro Rash modeli asosida baholanadi. Ballar quyidagicha darajalarga ajratiladi:
70 balldan yuqori — A+
65–69,9 ball — A
60–64,9 ball — B+
55–59,9 ball — B
50–54,9 ball — C+
46–49,9 ball — C
Imtihonda talabgorlarning fan bo‘yicha bilimlari, o‘qitish metodikasi va pedagogik mahorati test sinovlari orqali baholanadi.
Malaka imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tganlarga 1 ish kuni ichida QR kodli elektron sertifikat my.gov.uz portali orqali yuboriladi. Natijalardan norozi bo‘lgan talabgorlar esa ular e’lon qilingan kundan boshlab 3 kun ichida portal orqali apellyatsiya shikoyati berishlari mumkin.
Shuningdek, avvalroq maktablarda dars soatlarini taqsimlash tartibi ham o‘zgartirilgani, endilikda ustuvorlik o‘qituvchining kasbiy salohiyati, faoliyat natijalari hamda milliy va xalqaro sertifikatlariga qaratilishi ma’lum qilingan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!