Atrofimizdagi insonlarning fe'l-atvori turlicha. Tabiiyki, ular orasida biz yoqtirmaydigan yoki bizni yoqtirmaydiganlar ham uchrab turadi. Ammo konfliktlarga toʻla munosabatlar hayotimizga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shuning uchun garchi ularni unchalik hushlamasakda ijobiy munosabatda boʻlishni oʻrganishimiz kerak. Mutaxassislarning fikricha, boshqalar bilan iliqlik oʻzingizga qanday munosabatda boʻlishingizga bogʻliq. Agar inson oʻzini sevsa va boricha qabul qilsa, atrofdagilarga ham shunday munosabatda boʻladi. Ularni dushman va xavfli inson sifatida koʻrish esa aksariyat hollarda bizning bolalikdagi jarohatlarimiz va insonlarga nisbatan norozi kayfiyatda ekanimizga bogʻliq. Agar siz oʻz ustingizda ishlamasangiz muloqotda jiddiy muammolarga duch kelishingiz mumkin. Yaqinlaringiz bilan iliq munosabatlarni esa ularni boricha qabul qilishdan boshlashingiz lozim. Agar sizda ana shunday muammolar boʻlsa, ushbu maqola aynan siz uchun.
Insonlarning ijobiy tomonlariga eʼtibor bering
Baʼzilarning faqat salbiy tomonlarini koʻrish ham ular bilan konfliktlar yuzaga kelishiga sabab boʻladi. Shuni unutmangki, har birimizda ham salbiy, ham ijobiy fazilatlar mavjud. Agar sizga qoʻpollik qilgan boʻlishsa, ular har doim yomon degani emas. Ehtimol, oʻsha vaziyatda qandaydir tushunmovchilik boʻlgandir. Salbiy fikringizni oʻzgartirish uchun u insonning yaxshi tomonlarini topishga harakat qiling, har bir insonning yaxshi jihatlarini topishingiz mumkin. Agar siz buni uddalasangiz, u haqidagi salbiy fikrlaringiz asta-sekin tarqaydi.
His-tuygʻularingiz haqida toʻgʻridan-toʻgʻri gapiring
Agar atrofingizdagi insonlar bilan oʻrtangizda biror tushunmovchilik boʻlsa yoki qaysidir xatti-harakati sizga yoqmayotgan boʻlsa, ochiqchasiga gaplashib oling. Balki u buni ataylab qilmagandir. Yurakdan boʻlgan birgina suhbat va his-tuygʻularingizni iloji boricha ochiq koʻrsatishingiz koʻplab muammolarni hal qilishi mumkin. Bu har qanday munosabatlarga tegishli: ish, doʻstlik, sevgi, oila. Mayda tushunmovchiliklar yigʻilib katta-katta muammolarni keltirib chiqarishi mumkinligini aslo unutmang.
Koʻnglingizni keng qiling
Koʻpincha yangi jamoada oʻzimizni noqulay his qilamiz. Lekin yangi tanishlarga mehr qoʻyish va mehrini qozonish uchun oʻzingizni boshqalardan ajratib qoʻymasligingiz kerak. Muloqotga kirishing bayramlarni birga nishonlang, koʻproq suhbatlashing. Asosiysi, atrofingizda sizni qabul qilishga tayyor boʻlgan doʻstona insonlar borligiga ishonch hosil qiling. Agar siz insonlarga mehr koʻrsatsangiz, sizga ham xuddi shunday munosabat qaytib keladi. Doimiy yolgʻizlik keyinchalik muloqotdan jiddiy qoʻrqish yoki yaqin munosabatlarni boshlashni umuman istamaslikni keltirib chiqarishi mumkin.
Yaxshi fazilatlaringizni rivojlantiring
Oʻzingizdagi yaxshi fazilatlarni rivojlantiring, yordamdan bosh tortmang, muloqotda tashabbusni qoʻlga oling. Bu dastlab qiyin boʻlishi mumkin, ammo vaqt oʻtishi bilan siz bu fazilatlarni oʻrganasiz. Shuningdek, boshqalarga yoqish uchun, oʻzligingizdan kechmang va hatto baʼzi-baʼzida “yoʻq” deyishni oʻrganing. Oʻz fikriga ega boʻlish ham insonlar oldida hurmat qozonish, yaqinlaringiz bilan shaxsiy chegarangizni aniqlashga yordam beradi.
Tabassum qiling va quchoqlang
Tabassumga tajovuzkorlik bilan javob berish qiyin. Agar siz kimgadir tabassum qilsangiz, koʻpincha siz ham xuddi shunday javob olasiz. Samimiy tabassum ochiq muloqot uchun samarali vositadir. Insonlarni quchoqlash orqali esa uni jismonan his qilasiz va koʻproq ishonishni boshlaysiz.
Insonlarni yaxshi koʻrishning oddiy texnikasi
Birinchi bosqicha siz oʻzingizga yoqqan insonni xayolan tasavvur qiling. Qalam bilan qogʻoz oling va kamida oʻnta ijobiy sifatini yozing. Masalan, u menga mehribon, muhtojlarga yordam beradi, ishini yaxshi bajaradi, chiroyli va hokazo. Bunday ijobiy fazilatlar qancha koʻp boʻlsa, shuncha yaxshi. Siz bir vaqtning oʻzida bir nechta insonni tasavvur qilishingiz ham mumkin, ularning fazilatlarini alohida-alohida yozing. Keyin esa oʻzingiz bilan solishtiring.
Ikkinchi bosqich esa sizga biroz qiyin boʻlishi mumkin. Ammo bu atrofingizdagi insonlarni yaxshi koʻrib qolishda ancha yordam beradi. Masalan, umuman yoqtirmaydigan insoningizni koʻz oldingizga keltiring. Xayolan munosabatlarni boshidan boshlashga harakat qiling. Avvaliga bu insonda yaxshilikni koʻrmasligingiz mumkin. Chunki ular sizni xafa qilishgan. Ammo oʻylab koʻrsangiz, albatta, har bir insonda ijobiy xislatni topishingiz aniq. Ularni kashf qilishning hojati yoʻq, axir, bu insonlar ham kimnidir, nimanidir yaxshi koʻradi. Ularga nisbatan oʻzingizdagi salbiy fikrlardan voz kechishga harakat qiling va ularga dushmandek emas, xolis nazar tashlang. Keyin, albatta, ushbu fazilatlar roʻyxatini tuzib oʻzingiz bilan solishtirishingiz kerak.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!