O‘zbekistonda paxta g‘o‘zapoyasidan yangi turdagi asfalt xomashyosini ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion loyiha boshlandi.
Loyiha Samarqand davlat texnika universiteti olimlari tomonidan turkiyalik mutaxassislar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Loyihaning umumiy qiymati 2 milliard 824 million so‘mni tashkil etadi.
Tadqiqotchilar g‘o‘zapoyani piroliz usulida qayta ishlab, undan bioyog‘ va bioko‘mir olishni rejalashtirmoqda. Ushbu mahsulotlar asfalt tarkibidagi an’anaviy neft bitumining o‘rnini bosishi mumkin.
Dastlab bitumning 15 foizini, keyinchalik 30 va 45 foizini ushbu xomashyo bilan almashtirish imkoniyati o‘rganiladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, neft mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi, qishloq xo‘jaligi chiqindilari esa foydali xomashyoga aylantiriladi.
Bundan tashqari, yangi texnologiya uzoq muddat xizmat qiladigan, ekologik toza va o‘z-o‘zini tiklash xususiyatiga ega asfalt qoplamalarini yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tadqiqotlar O‘zbekiston va Turkiyada bir vaqtning o‘zida olib borilmoqda. Loyiha Samarqand davlat texnika universiteti hamda Turkiyaning Chukurova universiteti hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Agar texnologiya amaliyotda o‘zini oqlasa, kelajakda dalalarda yoqib yuboriladigan g‘o‘zapoya chiqindilari yo‘l qurilishi uchun qimmatli xomashyoga aylanishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!