Ko‘rish o‘tkirligida muammosi bor insonlar ko‘zoynak taqaymi yoki linza, deb qay birini tanlashni bilolmay ikkilanishadi. Ayrimlar linza ko‘zni jarohatlaydi, uni taqib yurish noqulaylik tug‘diradi, degan gap-so‘zlarni eshitib, ko‘zoynakni tanlashadi. Haqiqatan kontakt linzalar bilan bog‘liq turli fikrlar mavjud. Ularning hammasiga ham ishonaverishni tavsiya etmaymiz. Nega, deysizmi? Quyida fikrimizni izohlaymiz...
1-yanglish fikr: Linza ko‘zni jarohatlashi mumkin
![]()
Aslida, linzani to‘g‘ri taqishni va yechishni bilsangiz, bunday muammoga duch kelmaysiz. Linzani ko‘zga kiritishdan avval qo‘llarni yaxshilab sovunlab yuvish shart. Shundan so‘ng, u ko‘rsatkich barmoq uchiga qo‘yiladi, pastki qovoq tortib turilgancha ehtiyotkorlik bilan kiritiladi. Linza ko‘z markaziga to‘g‘ri joylashib olishi uchun 1-2 marta ko‘zlarni pirpiratib yuborish kerak bo‘ladi. Linzani yechish ham xuddi shunday tartibda: pastki qovoq tortiladi va linza pastga surilib, ko‘rsatkich va katta barmoqlar yordamida olinadi.
Agar hech qachon linza taqib ko‘rmagan bo‘lsangiz va uni o‘zingiz mustaqil taqishdan cho‘chisangiz, oftalmolog yordamidan foydalanib turishingiz mumkin. Mutaxassis 1-2 marta ko‘rsatib bergach, bu jarayonni siz ham o‘rganib olasiz.
2-yanglish fikr: Linza yosh bolalar yoki qariyalar uchun mos kelmaydi
Aslida, kontakt linzalarni bolalar ham, kattalar ham taqishlari mumkin. Yoshga doir cheklovlar mavjud emas. Bunda e’tibor qaratish kerak bo‘lgan narsa – linzani inson o‘zi mustaqil to‘g‘ri taqib-yechishni bilishidir.

3-yanglish fikr: Linza bilan yurish noqulay
Avvallari bu fikrda jon bor edi. Birinchi kontakt linzalar shishadan tayyorlangan. Bunday linza umuman havo o‘tkazmasligi sabab ko‘zga noqulaylik tug‘dirgan.
Biroq 1971-yilga kelib Bausch+Lomb kompaniyasi yumshoq kontakt linzalar ishlab chiqara boshlaydi. Shu bilan bunday qarash ham o‘zgardi. Hozirda linza yuqori sifatli materiallardan tayyorlanadi (masalan, gidrogelya-silikon yoki gipergelya kabi). Ular namlikni yaxshi saqlaydi va kislorodni ham yaxshi o‘tkazadi.

4-yanglish fikr: Linza ko‘zda yo‘qolib qolishi mumkin
Ko‘z olmasi yupqa membrana qavati – konyuktiva bilan himoyalangan. U ko‘zni chang-g‘ubor, kirdan saqlaydi va o‘z navbatida linzaning ko‘z ichiga surilib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Kontakt linza ko‘z markazidan biroz chetga surilganida ham u uzog‘i bilan qovoqlar ostigacha borishi mumkin.
5-yanglish fikr: Linza ko‘zdan tushib ketishi mumkin

Bu yolg‘on gap! Kontakt linzani taqqancha sport bilan bemalol shug‘ullanish ham mumkin. U to‘g‘ri taqilgan bo‘lsa, hech qachon tushib ketmaydi.
Biroq saunaga borganda, bosh yuvish yoki suzishda linza taqmaslik kerak. Shamollash vaqtida ham linzalardan foydalanmagan ma’qul. Chunki, qo‘lda xavfli bakteriya yoki virus qolib ketsa, uni linza taqish orqali ko‘z ichiga kiritib yuborishingiz mumkin.
6-yanglish fikr: Kontakt linzalarni parvarishlash qiyin
Bu ham noto‘g‘ri fikr. To‘g‘ri, linza alohida parvarishni talab qiladi. Biroq bu parvarishga bor-yo‘g‘i, bir necha daqiqangiz ketadi, xolos. Qo‘llarni yuvib, linzalarga maxsus suyuqlik tomizib qo‘yish kerak. Kontakt linzalarni maxsus suyuqlikligi bor koteynerda saqlash zarur.
7-yanglish fikr: Linza bilan tiniq ko‘rib bo‘lmaydi
Kontakt linza bilan ko‘zoynakdan ko‘ra yaxshiroq va tiniqroq ko‘rasiz. Tasvirlar tiniq, burchaklar ham yaqqol ko‘rinib turadi. Dunyo go‘yoki ko‘z oldingizda kengayib, yorqinlashib ketgandek tuyuladi.
8-yanglish fikr: Linza taqilgach, quyosh nurlaridan himoyalovchi ko‘zoynak taqmasa ham bo‘ladi
Ultrabinafsha nurlardan himoyalash xususiyatiga ega linzalar bilan ko‘zoynak taqishning hojati yo‘q. Biroq bunday xususiyati yo‘q linza bilan, albatta, quyosh nurlaridan saqlovchi ko‘zoynak taqishga to‘g‘ri keladi.
9-yanglish fikr: Kontakt linza qimmat turadi
Avvallari haqiqatdan ham shunday edi. Biroq hozirda bunday deya olmaymiz. Sifatli va baquvvat opravaga qo‘yilgan shishali ko‘zoynak kontakt linzalardan ham qimmatroq bo‘lishi mumkin.
10-yanglish fikr: Linza bilan ko‘rish o‘tkirligi yanada yomonlashadi
Linza ko‘zga noto‘g‘ri tanlangan yoki foydalanish muddatidan ko‘proq taqib yuborilgan bo‘lsagina ko‘rish o‘tkirligi yanada pasayishi mumkin. Shuningdek, kontakt linzalarni noto‘g‘ri parvarishlash ham ko‘rish qobiliyatiga salbiy ta’sir qilishi hech gap emas.
Linza ko‘zingizga to‘g‘ri tanlangan bo‘lsa-yu va siz uni to‘g‘ri parvarishlayotgan bo‘lsangiz, ko‘zingiz bilan hech qanday muammo bo‘lmaydi. Ularni bemalol taqib, kundalik yumushlaringiz bilan shug‘ullanishingiz mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!