O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Albaniya Respublikasi Prezidenti Bayram Begay rafiqasi hamrohligida 16-17-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston va Albaniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilinadi.
Savdo, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi, “yashil” energetika va turizm kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari e’tibor markazida bo‘ladi. Madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish ham ko‘rib chiqiladi.
Xalqaro kun tartibidagi masalalar, jumladan, ko‘p tomonlama platformalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash yuzasidan ham fikr almashish rejalashtirilgan.
Tashrif dasturi doirasida Albaniya Prezidenti V Toshkent xalqaro investitsiya forumida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer ham rafiqasi hamrohligida 17-18-iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Tashrif dasturiga muvofiq, ikki davlat rahbarlarining tor va kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston – Germaniya ko‘p qirrali munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Tomonlar savdo, sanoat kooperatsiyasi, energetika va “yashil” texnologiyalar, transport va logistika, farmatsevtika va kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirish, ta’lim va gumanitar almashinuvlarni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratadilar.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb mavzular yuzasidan ham fikr almashiladi.
Muzokaralar doirasida bir qator yangi qo‘shma loyiha va dasturlarni ishga tushirish hamda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydigan hujjatlar to‘plamini qabul qilish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!