Dunyoda avtomobil turlari juda ko‘p, har kim didiga to‘g‘ri kelganini tanlab olaveradi. Lekin bu ba’zilarni qoniqtirmay, o‘zlari uchun alohida avtomobil ishlab chiqarishni istab qolishadi. Xullas, quyidagi maqolamizda faqat bir nusxada ishlab chiqarilgan mashinalar ro‘yxati berilgan. Ro‘yxatdagi hamma mashinalarni ham zo‘r, deb bo‘lmaydi. Chunki, ularning ba’zilari hech kimga yoqmaganligi uchun ham bittaligicha qolib ketgan.
1. Maybach Exelero
Ehtimol, u dunyodagi eng hashamatli va qimmatbaho superkarlardan biridir. 2005-yilda “Maybach 57” limuzinidan qurilgan sport kupesi Germaniyaning shina ishlab chiqaruvchi Fulda kompaniyasi bilan birgalikda yaratildi. 2011-yilda avtomobilni Birdman taxallusi ostida ishlaydigan amerikalik reper Brayan Uilyams 8 million dollarga sotib olgan. Oradan bir yil o‘tgach, Daimler so‘nggi yillarda kompaniyaga faqat zarar keltirayotgan Maybach brendini yo‘q qilishini e’lon qilgan.
2. Ferrari F12 Berlinetta TRS
Bu mashina nomi oshkor qilinmagan mijozning buyurtmasi bo‘yicha yig‘ilgan. Xaridor Ferraridan “F12 Berlinetta” kupesining maxsus ochiq versiyasini chiqarishni so‘ragan. Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu noyob mashinaning narxi 4,2 million dollardan oshadi.
3. McLaren X-1
Ushbu model Special Operations muhandislari tomonidan Yaqin Sharqdagi xaridor buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan. Bo‘lajak mijozning xohish-istaklari 7 million dollarga tushgan.
4. Rolls-Royce Hyperion
Ushbu eksklyuziv mashinaga kollektor Roland Xoll buyurtma bergan. “Rolls-Royce Hyperion” 2008-yilda ishlab chiqarilgan bo‘lsa-da, tashqi ko‘rinishidan u 1930-yillarning Rollers modellariga o‘xshab ketadi. Uning dizayni ustida afsonaviy Pininfarina atelyesi ishlagan.
5. Peugeot Onyx
Fransuzlar bu mashinani toshga o‘xshash g‘ayrioddiy materiallardan qurishgan. Mashinani yaratishda ular toshdan tashqari mis, namat va qog‘ozdan ham foydalangan. Hozircha fransuzlar “Onyx” mashinalari seriyasini ishlab chiqarmoqchi emas, lekin yaqin kelajakda ular shu turdagi mashinalarni jahon bozoriga kiritish niyatida.
6. Ford GT90
1995-yilda Detroyt avtosalonida namoyish etilgan model ishlab chiqaruvchi tomonidan “dunyodagi eng kuchli superkar”i deb e’lon qilingan. Darhaqiqat, 4 ta turbinali, 12 silindrli avtomobil 720 ot kuchiga ega va e’lon qilingan GT90 tezligi soatiga 407 km.ni tashkil etadi. Aytgancha, GT90 bilan deyarli bir xil tezlik ko‘rsatkichiga ega bo‘lgan Bugatti Veyron Ford konsepsiyasidan 10 yil keyin paydo bo‘lgan.
7. Porsche 911 Panamericana
Avtomobil 1989-yilda Porsche direktori Ferry Porschega tug‘ilgan kun sovg‘asi sifatida taqdim etilgan. Shunisi e’tiborga loyiqki, uning dizaynini bir necha yil avval dunyoga afsonaviy “Porsche Boxster” modelini taqdim qilgan Harm Lagaay yaratgan.
8. Cadillac Cien
Bu mashina kompaniyaning 100 yilligi sharafiiga maxsus ishlab chiqarilgan. Kun qahramoniga munosib ravishda Cien o‘sha paytdagi eng yangi texnologiyalar bilan jihozlangan edi. Unda “OnStar” sun’iy yo‘ldosh aloqa tizimi, “Communiport” ovozli boshqaruv tizimi, avtoturargoh yordamchisi va shamol ekraniga yo‘l tasvirini tushira oladigan tungi ko‘rish tizimi mavjud edi. Biroq bu funksiyalag barchasidan biron marta ham foydalanilmagan. Sababi mashina kompaniya muzeyida saqlanadi.
9. BMW Gran Coupe Pininfarina Lusso
Ushbu mashinani yaratishda qaysi kompaniyalar ishtirok etganini nomidan bilish oson. To‘rt kishilik kupening ichki ko‘rinishi, yaratuvchilar ta’kidlaganidek zamonaviy nafislik va o‘ziga xos dinamikani uyg‘unlashtiradi. U qimmatbaho charm va kauri yog‘ochlari bilan bezatilgan.
10. “ВАЗ Rapan”
VAZ Rapan – Parij avtosalonida taqdim etilgan ruslarning birinchi elektr avtomobili. 1998-yilda u bitta nusxada chiqarilgan va afsuski, uni hech kim sotib olishni istamagan. Shundan buyon u yagonaligicha qolib ketgan.
11. “ZIS-Sport”
ZIS-Sport avtoulovi 1939-yilda Moskvadagi ZIS zavodida yig‘ilgan. U 141 ot kuchiga ega 6 litrli dvigatel bilan jihozlangan, soatiga 162 km. tezlikka erishishga imkon beradi. Avtomobilni ishlab chiqarish uchun hatto Stalinning roziligi olingan, ammo urushdan keyin ZIS-Sportning yagona nusxasi izsiz yo‘qolgan.
12. Dartz PROMBRON AS1936 Monaco Red Diamond Edition
Avtomobil Latviyadagi Hummer bazasiga yagona nusxada ishlab chiqarish uchun buyurtma qilingan. Eksklyuziv bezaklarga ega bo‘lgan bu mashina 1,6 million dollarga sotib olingan. Ushbu yirtqich mashina soatiga 312 km. tezlikka qadar tezlashadi va 5,2 soniyada 100 km. tezlikni bosib o‘tadi. U 6 litrli dvigatelga va 552 ta “ot” kuchiga ega.
13. Mercedes-Benz GWA 300 SLC
Sharqiy Yevropalik shaxsi noma’lum boy o‘zini hech kimda yo‘q bo‘lgan zo‘r mashinada ko‘rishni istaydi. U o‘z orzusini ro‘yobga chiqarishni Mercedes konserniga ishonib topshirdi. Uning g‘oyasi 1955-yilda faqat 100 dona ishlab chiqarilgan afsonaviy Mercedes-Benz 300 SC asosida SLS AMG bazasida amalga oshiriladi. Mashina narxi sir tutiladi. Mercedes-Benz GWA 300 SLC 571 ot kuchiga ega, eng yuqori tezligi 315 km/soat, 100 km. tezlashuv esa 3,8 soniyani tashkil etadi.
14. Sbarro GT1
Sbarro GT1 1999-yilda Mercedes jamoasining Le Mans poygasidagi g‘alabasi sharafiga yig‘ilgan. Avtomobil 7,4 litrli 450 ot kuchiga ega V8 dvigatel bilan jihozlangan. To‘g‘ri, bu katta dvigatel uchun unchalik ko‘p emasdek tuyulishi mumkin, ammo o‘sha paytda bunday ko‘rsatkich juda katta bo‘lib tuyulardi. Dvigatel orqaga va o‘ngga mustahkamlangan kompozit mashina asosining o‘rtasiga o‘rnatilgan.
15. Lamborghini Egoista
2013-yili o‘zining 50 yilligini nishonlash uchun Lamborghini maxsus “Lamborghini Egoista” superkarini taqdim etdi. “Yubiley” yangiligining asosiy xususiyati shundaki, uning saloniga faqat bir kishi o‘tira oladi. Tashqi ko‘rinishidan u samolyotga o‘xshab ketadi. Avtomobil 5,2 litrli V10 dvigatelida harakatlanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!