Germaniyada 2026-yil boshidan buyon jazirama issiq bilan bog‘liq o‘limlar soni qariyb 12,5 ming kishiga yetdi. Robert Kox instituti ushbu ko‘rsatkich so‘nggi o‘n yildagi eng yuqori natija ekanini ma’lum qildi.
Mutaxassislar hisob-kitobi ehtiyotkorlik bilan amalga oshirilgani sababli, issiq havo oqibatida vafot etganlar soni amalda bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.
Avvalgi rekord 2018-yilda qayd etilgan
Germaniyada jazirama sababli o‘limlar bo‘yicha avvalgi eng yuqori ko‘rsatkich 2018-yilda kuzatilgan. O‘sha yili issiq havo oqibatida qariyb 9,4 ming kishi vafot etgan. 2019-yilda esa bu ko‘rsatkich 7,7 mingga yaqin bo‘lgan.
Joriy yilda jaziramaning eng kuchli ta’siri Saar va Reynland-Pfals federal yerlarida qayd etilgan. Bu hududlarda har 100 ming aholiga mos ravishda 43,4 va 38,7 ta o‘lim to‘g‘ri kelgan. Germaniya bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 100 ming aholiga 15 ta o‘limni tashkil qilgan.
Qurbonlarning aksariyati keksalar
Jazirama eng ko‘p yoshi katta odamlarga ta’sir qilgan. 85 yosh va undan kattalar orasida qariyb 6,3 mingta o‘lim qayd etilgan. 75–84 yosh guruhida esa 3,1 mingdan ortiq kishi issiq havo oqibatida vafot etgan.
Faqat iyun oyidagi jaziramaning o‘zi Germaniyada taxminan 5,1 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lgan. O‘sha paytda mamlakatning ayrim hududlarida havo harorati 40 darajadan oshgan.
Hozir Germaniyada yana issiq havo to‘lqini kuzatilmoqda, biroq u iyun oxiridagi jaziramaga qaraganda nisbatan kuchsizroq.
G‘arbiy Yevropada rekord issiq
2026-yilning iyun va iyul oylari G‘arbiy Yevropada kuzatuvlar tarixidagi eng issiq davrlardan biri bo‘ldi. Copernicus ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ikki oyda o‘rtacha harorat 1991–2020-yillardagi ko‘rsatkichdan 2,79 daraja yuqori bo‘lgan.
Germaniyaning sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax jazirama oqibatlariga qarshi choralarni kuchaytirishga chaqirdi. U mamlakat bo‘ylab issiq havo haqida ma’lumot beruvchi portallar va ishonch telefonlarini tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Germaniya Atrof-muhit va iqlimni muhofaza qilish vazirligi davlat kotibi Yoxen Flasbart esa 2027-yil yozigacha ekstremal issiqqa qarshi milliy reja ishlab chiqishni taklif qildi.
Nemis shifoxonalari assotsiatsiyasi tibbiyot muassasalaridagi sovitish tizimlarini modernizatsiya qilish zarurligini bildirdi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya klinikalaridagi palatalarning faqat kichik qismi konditsionerlar bilan jihozlangan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!