Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq holatlar aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Toshkentdagi mehmonxonalardan birining sport zalida joylashgan javondan 4 kilogramm 800 gramm giyohvandlik moddasi topilgan. Narkotik vositalar 325 ta flakonga qadoqlangan bo‘lgan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, mazkur moddalar avval narkoshop omborchisi bo‘lib ishlagan va hozirda qamoqda saqlanayotgan shaxsga tegishli bo‘lgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida jami 15 kilogramm gashish moyi va opiy noqonuniy muomaladan chiqarilgan. Ularning umumiy miqdori qariyb 75 ming dozaga teng ekani qayd etildi.
Farg‘onada 810 gramm gashish bilan uch kishi ushlandi
Yirik narkotik savdosi bilan bog‘liq yana bir holat Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, 1969-yilda tug‘ilgan, ilgari Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan ikki marta sudlangan shaxs narkotik moddalar savdosiga turmush o‘rtog‘i va jiyanini ham jalb qilgan.
Ular Lacetti avtomobilining lyuk qismiga 810 gramm gashish yashirib, uni Toshkent viloyatida sotish maqsadida olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergov va tezkor tadbirlar davom ettirilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!