Smartfon, planshet va noutbuklar hayotimizning ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Ular bilan odamlar hayotiga ijtimoiy tarmoqlar tushunchasi ham kirib keldi. Bugungi kun odamlarining ish faoliyati ham, shaxsiy hayotlari ham ijtimoiy tarmoqlar bilan bevosita bogʻliq. Olimlar zamonaviy gadjetlar hamda ijtimoiy tarmoqlarning organizm, ruhiy salomatlikka taʼsirini oʻrganish uchun bir necha bor qiziqarli tadqiqotlar oʻtkazishgan. Ular bilan tanishib chiqishni istaysizmi?
Ijtimoiy tarmoqlar salomatligimizga qanday taʼsir koʻrsatadi?
Ijtimoiy tarmoqlarga haddan tashqari bogʻlanib qolish odamlarning real hayotni unutib qoʻyishlariga sabab boʻlayotgani rost. Texas universiteti olimlaridan iborat guruh tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot xulosalariga koʻra, smartfon va ijtimoiy tarmoqlar odamdagi kognitiv qobiliyatlarga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Diqqatni bir yerga jamlashga xalal beradi, fikrlash imkoniyatini cheklab qoʻyadi. Smartfonga haddan tashqari koʻp chalgʻish oqibatida xayol tarqoqligi yuzaga keladi.
Bolalarni ijtimoiy tarmoqlardan cheklashning foydasi bormi?
2017-yilda Kremniy vodiysida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra, aksariyat ota-onalar farzandlarini gadjetlarsiz voyaga yetkazishni istashadi, buning uchun ularning ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkaziladigan vaqtini cheklashga harakat qilishadi.
Oʻz vaqtida Stiv Jobs ham farzandlariga gadjetlardan foydalanish masalasida cheklovlar qoʻygan. “Apple“ning ayni vaqtdagi rahbari Tim Kuk esa 2018-yilda jiyanlariga ijtimoiy tarmoqlarda roʻyxatga oʻtishga ruxsat bermasligini aytib oʻtgandi.
Ruhshunoslar virtual muloqotlar real muloqotlar jarayonini cheklab qoʻyayotgani, yoshlar orasida “baxtsizlik epidemiyasi”ni keltirib chiqargani haqida bong urishmoqda. San-Diyego universiteti olimlari ijtimoiy tarmoqlarda kuniga 5 soatdan koʻp vaqt oʻtkazadigan bolalar internetga 2 soatdan koʻp vaqt sarflamaydigan bolalarga nisbatan oʻzlarini baxtsizroq his qilishlarini aniqlashgan.
Dijital-detoks nima va undan foyda bormi?
Soʻnggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlardan maʼlum muddatga voz kechib, diqqatni bir yerga jamlash, hech boʻlmaganda dam olish kunlarida ijtimoiy tarmoqlarga kirmaslik usuli ommalashib bormoqda. 2010-yili Merilend universiteti olimlari talabalar oʻrtasida soʻrovnoma oʻtkazishadi. Tajribada ishtirok etgan talabalarning aksariyati ijtimoiy tarmoqlar va smartfondan 1 sutkadan koʻproq vaqt mobaynida cheklab qoʻyilgan holda oʻzlarini yomon his qilishgan. Ularning ayrimlari sevgan odamlari bilan vaqt oʻtkazishdan koʻra smartfon bilan vaqt oʻtkazishni afzalroq koʻrishgan.
Shunga qaramasdan, ruhshunoslar ijtimoiy tarmoqlardan vaqti-vaqti bilan dam olish ruhiy holat uchun foydali ekanligini taʼkidlashgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!