Ispaniyaning sharqidagi Bunol shahrida an’anaviy La Tomatina festivali bo‘lib o‘tdi. Unda 20 mingdan ortiq kishi ko‘chalarda bir-biriga pomidor otib, o‘ziga xos «pomidorlar jangi»da ishtirok etdi.
Festival davomida shaharning tor ko‘chalariga yuk mashinalarida jami 165 tonna pomidor olib kelindi. Jang taxminan bir soat davom etdi.
Ishtirokchilarning aksariyati oq futbolka kiygani sababli tadbir yakuniga kelib, kiyimlar qizil va pushti rangga bo‘yaldi. Xavfsizlikni ta’minlash maqsadida tadbir oldidan binolar maxsus himoya qoplamalari bilan yopildi va ko‘chalarga politsiya xodimlari jalb qilindi.
La Tomatina har yili avgust oyining so‘nggi chorshanbasida o‘tkaziladi. Festival ilk bor 1945 yilda mahalliy aholi o‘rtasidagi oziq-ovqat janjali sifatida boshlangan. Keyinchalik u Ispaniyaning eng mashhur yozgi tadbirlaridan biriga aylangan.
So‘nggi yillarda festival ishtirokchilarining qariyb 40 foizini xorijiy sayyohlar tashkil etmoqda. Ayniqsa, 2011 yilda Ispaniyada suratga olingan «Zindagi Na Milegi Dobara» filmi namoyish etilganidan keyin Hindistondan keluvchi sayyohlar soni sezilarli darajada oshgan.
Festivalning asosiy qoidalaridan biri — pomidorni boshqa ishtirokchiga otishdan oldin uni ezish. Bu ehtimoliy jarohatlarning oldini olish uchun belgilangan. Ayrim qatnashchilar ko‘z va quloqlarini himoya qilish uchun maxsus ko‘zoynak hamda quloq tiqinlaridan foydalanadi.
Bir soatdan so‘ng to‘p ovozi festival yakunlanganini bildiradi. Shundan keyin ishtirokchilar maxsus joylarda yuvinib oladi, shahar ko‘chalari esa suv yordamida tozalanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!