Konimexda 2 kilogrammdan ortiq opiy olib ketayotgan xorijlik ushlandi
Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida Navoiy viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositasi musodara qilindi.
Ma’lum qilinishicha, Konimex tumani hududida harakatlanayotgan Cobalt rusumli avtomashina to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan. Tekshiruv davomida avtomashinada yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 2002-yilda tug‘ilgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosiga tegishli sellofan paketdan 2 kilogramm 87 gramm opiy moddasi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Dastlabki tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi ushbu giyohvandlik vositasini avvalroq noma’lum shaxslar tomonidan qo‘shni davlatdan kontrabanda yo‘li bilan olib kirilib, xufiya joyda qoldirilgan yashirin joydan olib ketayotgan bo‘lgan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi (kontrabanda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi sifatida qamoq qo‘llanilgan. Hozirda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasi va boshqa qonunbuzarlik holatlari haqida 1520 qisqa raqamiga murojaat qilishga chaqirdi. Idora ma’lumotiga ko‘ra, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!