$
11918.98 UZS
57.02
₽
148.04 UZS
0.91
€
13283.70 UZS
5.42
31° Kechasi 18°

Lo‘lidan chiqqan olim haqida eshitganmisiz? – U lo‘lilarning Markaziy Osiyoga kelishi tarixini o‘rgangan

12:31 / 07.01.2022

Tarixchi olim Xol Nazarov bilan 2000-yilda suhbatlashgandim. Domla Samarqanddagi lo‘lilar mahallasida yashardi. Nazarovning nomzodlik dissertatsiyasi ham lo‘lilar hayoti bilan bog‘liq. Domla o‘shanda 80 yoshda edi. Mahallada hamma ularni “dotsent” deb atardi. Xol Nazarov tarix fanlari nomzodi, dotsent edi.

Bugun Xol Nazarov oramizda yo‘q, Alloh rahmat qilsin.

Lekin, olimning rus tilida yozilgan ilmiy ishidan ayrim ko‘chirmalar menda saqlanib qolgan. “Hindistondan Eronga o‘tkazilganligi haqidagi rivoyatga tayangan holda akademik Barannikov lo‘lilarning asl vatani Hindiston deb eʼtirof etgan. Etnograflar Snesarov, Troiskayalar ham shu fikrni boshqa dalillar asosida qo‘llaydilar” – deb yozgan u.  

Xol Nazarov uzoq yillar davomida lo‘lilarning turli etnonimlari, xalq rivoyatlari, mashg‘ulotlari, madaniyatidagi qirrralarni o‘rganib O‘rta Osiyo lo‘lilarining kelib chiqishini Hindiston bilan bog‘lagan.

“Noqulay tarixiy sharoit lo‘lilarni o‘z yurtini tashlab chiqishiga sabab bo‘lgan, Ular, tabiiyki, madaniylashgan, boy yurtga yo‘l olishi kerak edi. O‘rta Osiyo bu talabga javob berardi” – deyiladi lo‘lilar migratsiyasi haqida Nazarovning nomzodlik dissertatsiyada.

Nazarovga ko‘ra, Hindistondan lo‘lilarning O‘rta Osiyo va boshqa davlatlarga immigratsiyasi eramizning X asridan boshlangan. XIV asr oxirida Amir Temurning Hindistonga yurishi bu jarayonni tezlashtirgan. Tarixchi olim Hofiz Sheroziy g‘azallarida, Boburning “Boburnoma”si , Abul G‘oziyning ”Shajarai turk” asarlarida lo‘lilar haqida yozilganini eslaydi. XVIII asrda bitilgan Mir Muhammad Amin Buxoriyning  “Ubaydullonoma”sida Ubaydulloxonning vaziri lo‘li bo‘lgani qayd etilganini taʼkidlagan.

Ammo, olim Markaziy Osiyoda lo‘lilarning aksariyati tilanchilik, folbinlik, sehrgarlik, o‘g‘rilik bilan shug‘ullanganligi, qandaydir oz qismi hunarmandchilik va dehqonchilik qilgani haqida ham yozadi.

Xol Nazarovni xotirlash bilan biryo‘la uning tadqiqoti o‘tgan davr (70, 80-yillar), biz suhbatlashgan davr (2000-yillar boshlari) va bugungi lo‘lilar, xususan, samarqandlik lo‘lilar hayotini taqqoslab ko‘rishga harakat qilamiz.

Xol Nazarov tadqiqot olib borgan davrda O‘rta Osiyoda 30 mingdan ortiq lo‘li borligi aniqlangan. Biz suhbatlashgan vaqtda (2000-yilda) ular soni haqida Nazarov “hozirda bu raqam 50 mingdan oshgan bo‘lsa kerak” degan edi. Olim O‘rta Osiyodagi lo‘lilarning 70 foizi O‘zbekistonda yashashini aniqlagan. Boshqacha aytganda, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatidan boshqa barcha viloyatlarda lo‘lilar bor. Samarqand viloyatida esa lo‘lilar soni 2000 yillarda 7 mingdan ziyodroq bo‘lgan. 70-yillarda Samarqand shahrida lo‘lilar istiqomat qiladigan bitta mahalla bo‘lgan. 2000 yillar boshida Siyob tumanidagi 3 ta katta mahalla ular nomi bilan bog‘liq edi. Yaqinda Samarqandda bo‘lib qiziqqanimda, shahar atrofida yana bir necha mahallalari paydo bo‘lgan.

“Yettita mahalladamiz” – degan edi “Fidoyilar” mahallasi oqsoqollaridan biri. Shuningdek, viloyatning Kattaqo‘rg‘on shahrida, Jomboy, Urgut va bir qator boshqa tumanlarida ham lo‘lilar kompakt tarzda yashaydilar.

Lo‘lilarninng hujjatlarida ularning millati lo‘li deb qayd etiladi. Ammo bir qator holatlarda ular o‘zbek yoki tojik deb yozilgan hollar ham mavjudki, bu lo‘lilar sonini aniqlashda chalkashliklarni keltirib chiqaradi.

Xol Nazarovning o‘zi lo‘li ekanligini hech vaqt yashirmagan. Lekin, u o‘ttiz yildan ortiqroq ishlagan Samarqand davlat Tibbiyot instituti arxivida saqlanayotgan bir dasta hujjatlarning barchasida Nazarov o‘zbek deb ko‘rsatilgan. Balki bu ham davr talabi bo‘lgandir. Axir, olim kommunistik partiya aʼzosi bo‘lgan. Samarqanddagi pedagogika instituti tarix fakultetini bitiriboq urushga otlangan. 1944 yilda ikkinchi marta yaralanganiga qadar janggohlarda qon kechgan. Hujjatlarning guvohlik berishicha, SamDTI (o‘sha davrdagi SamMI, tahr.)ga qadar u Samarqanddagi hukumat miqyosidagi masʼul vazifalarda ishlagan.

Darvoqe, lo‘lilarning qandaydir qismi hamon hujjatsiz yashayotgani ham maʼlum.

O‘rta Osiyolik lo‘lilarning barchasi tojik tilida gapiradi. Nazarovning fikricha, bu, ularning tarixan, eng avval, tojiklar yashaydigan manzillarga ko‘chib kelib, davr o‘tishi bilan tojiklar tili, dini, urf-odatlarini qabul qilgani bilan izohlanadi.

Samarqandlik lo‘lilar tili mahalliy tojiklar tilidan talaffuzida va baʼzi so‘zlarda unlilar o‘rni almashtirilishi bilan hamon farq qilib keladi. Samarqandlik lo‘lilar azaldan tojik tili bir qatorda O‘rta Osiyolik lo‘lilar uchun umumiy bo‘lgan yashirin, argo tilidan ham foydalanib kelishgan. Ammo 2000 yillar boshlarida argo tilini faqat keksa avlod vakillarigina bilishgan. Hozirda agro tilini biladigan lo‘lini uchratmadik. Bugungi kunda lo‘lilar o‘zbek tilida ham  erkin muomala qila oladilar.

Lo‘lilarning bobo-momolaridan qolgan kasb deb sanalib kelingan mashg‘ulotlarning shakli davr taqozosiga ko‘ra o‘zgarayapti. 80, 90-yillarda lo‘li xotin-qizlar eshikma-eshik xayr-sadaqa so‘rab, yelkasidagi to‘rvani non burdalari, qand-qursga to‘latib qaytgan bo‘lsa, 2000 yillardan ularning mahallalarda bunday yurishi keskin kamaygan.

Ammo Samarqand shahridagi ziyoratgohlar, avtobekatlar, bozorlar atrofida, shifoxonalar hududlarida lo‘li ayollar, bolalar tilanchilik qilayotganiga bugun ham guvoh bo‘lasiz. Lo‘li xotin-qizlarning yana bir qismi, ertalabdan isiriq tutatib, kushoyish tilab pul ishlashni afzal bila boshlashdi. Hozirda obodonchilik sohasida ishlayotgan ayol-erkaklarning bir qismi lo‘lilar. Shuningdek, ular mahallalari bilan tutash hududlardagi ishlab chiqarish korxonalarida ham ishlayotgani maʼlum.

Siyob bozori ichkarisida qator o‘tirgan lo‘li ayollar o‘tgan-ketganlarni fol ochdirishga chorlaydi.

“Lo‘li erkaklar ishlashmaydi, xotini topib kelganini o‘tirib yeydi”, degan gaplar bugun eskirgan. Ularning elak, o‘qlog‘i, sabzi taxta singari uy-ro‘zg‘or ashyolari yasaganligi sabab tavoqtarosh (maʼnosi idish yasovchi) deb nom olgan qismi bugunda ham bu hunarini davom ettirayotir. 

90-yillarda Samarqand shahridagi poyafzal taʼmirlovchi ustaxonalarga egalik qilib kelgan yahudiylar Izroilga ko‘chib ketgach, ular o‘rnini asosan lo‘li yigitlar egallashdi. Bundan tashqari, bozorjoylarda aravachalarda yuk tashib berayotganlar orasida ham lo‘li yigitlar, lo‘li bolalar talaygina. Pishiqchilik davrida mahalla va “dom”lar hududlarida “Jiguli” avtomobillari va eshak aravalarda qovun-tarvuz olib kelib sotadigan lo‘lilar ham kam emas. Lo‘lilar orasidan Rossiyaga, hatto xorijiy davlatlarga borib ishlab kelayotgan erkak-ayollar oz bo‘lsa ham topiladi.

“Yunusobod” metro yo‘nalishi qurilishi fojiasida (2019-yil, dekabr) halok bo‘lgan 6 nafar yigitning biri ham lo‘li yigiti edi.

Samarqandlik lo‘lilarning to‘ylari shu yerlik o‘zbeku tojiklarnikidan ko‘p farq qilmaydi. Xol Nazarov ilmiy ishida taʼkidlagan qiz olib qochish marosimi hozirda deyarli yo‘qolib boryapti. So‘nggi vaqtlarda lo‘li qizlari oppoq ko‘ylaklarda, xuddi hind filmlari qahramonlariga o‘xshab chiroyli makiyaj bilan ZAGS idorasiga nikohi rasman qayd etilgani ko‘zga tashlana boshladi. Lo‘li to‘ylari hovlida o‘tishi,shovqin-suronning ko‘pligi, erkagu ayol, bolalarning aralash-quralash o‘tirishi bilan o‘ziga xos. O‘ziga to‘q lo‘lilar to‘ylarida mashhur sanʼatkorlar xizmat ko‘rsatgani maʼlum. (Lo‘lilar orasida ham boy va kambag‘al, o‘rtahol tabaqalar mavjud) Onda-sonda bo‘lsa ham lo‘li va rus, lo‘li va tojik, lo‘li va o‘zbek nikohlari tuzilayapti ekan.

Lo‘lilarning aza rasm-rusumlari ham mahalliy aholi marosimlari kabi. Erkaklar 3 kun bel bog‘laydi, ayollar yil oshigacha ko‘k kiyishadi, ancha vaqt boshlarida oq chorsi bo‘ladi. Lo‘lilar dafn etilishi uchun azal-azaldan Shohi Zinda qabristonidan joy ajratilgan. Ularga ham bitikli katta-kichik marmar toshlar qo‘yishgan. Xol Nazarovning qabri ham aynan shu yerda.

Lo‘lilar orasidagi mashhur kishilar chiqqanmi? Bu savol ko‘pchilikni qiziqtiradi. Tarix fanlari nomzodi, dotsent Xol Nazarov, 30 yildan ortiqroq vaqt Samarqand davlat Tibbiyot institutida talabalarga saboq o‘tgan. Shuningdek, bu millatdan shifokor, o‘qituvchi, muhandislar chiqqani maʼlum. Faqat ular barmoq bilan sanarli.

Ishsizlik, korrupsiya, uy-joy masalalari – jamiyatdagi umumiy muammolar bu millat vakillarini ham chetlab o‘tmagan. Ayni vaqtda lo‘lilarning o‘zigagina xos masalalar ham bor. 

Shulardan biri lo‘lilar orasida savodxonlik darajasi. Muammoning ildizlari haqida “xabardor.uz” sayti yaqin kunlarda eksklyuziv materialini eʼlon qiladi.

   Mustahkam Tangriyorova     

P/S: Tahririyat arxiv materiallarini topishda yordam bergan Samarqand davlat Tibbiyot instituti xodimlariga minnatdorchilik bildiradi.


Bu ham qiziq

“Dok-1 Maks” fojiasi jabrlanuvçilariga kompensatsiya töliq tölandi

“Dok-1 Maks” fojiasi jabrlanuvçilariga kompensatsiya töliq tölandi

Özbekistonda “Dok-1 Maks” va “Ambronol” dori vositalaridan jabrlangan bolalarning oilalariga kompensatsiya töliq tölab beril…
09:51 / 27.10.2026
Özbekistonda birlamçi tibbiy yordamning yangi tizimi yana 100 ta tumanda joriy etiladi

Özbekistonda birlamçi tibbiy yordamning yangi tizimi yana 100 ta tumanda joriy etiladi

Prezident Şavkat Mirziyoyev birlamçi tibbiy yordam sifatini oşirişga qaratilgan yangi tizim kelasi yildan yana 100 ta tumand…
11:55 / 27.10.2026
Toşkent tumanida rahbarning turmuş örtoği mudir etib tayinlangani yuzasidan xizmat tekşiruvi boşlandi

Toşkent tumanida rahbarning turmuş örtoği mudir etib tayinlangani yuzasidan xizmat tekşiruvi boşlandi

Toşkent tumani tibbiyot birlaşmasi rahbari Husan Asadovning turmuş örtoği Gulnora Asadovani Tumanlararo perinatal markazi mu…
09:47 / 27.10.2026
Uçtepada yonğinda halok bölgan ayol qasddan öldirilgani gumon qilinmoqda

Uçtepada yonğinda halok bölgan ayol qasddan öldirilgani gumon qilinmoqda

Toşkent şahrining Uçtepa tumanida 24-oktyabr kuni xonadon yonğinida halok bölgan ayolning ölimi yuzasidan qasddan odam öldir…
10:00 / 27.10.2026
Sirdaryoda ikki kişini öldirgan ayol 13 yil 4 oyga qamaldi

Sirdaryoda ikki kişini öldirgan ayol 13 yil 4 oyga qamaldi

Sirdaryo viloyatining Şirin şahrida erining qonuniy rafiqasi va uning ikki qiziga piçoq bilan hujum qilgan 29 yoşli ayolga s…
11:59 / 26.10.2026
Toşkentda 100 ta jamoat hojatxonasi quriladi: manzillar röyxati

Toşkentda 100 ta jamoat hojatxonasi quriladi: manzillar röyxati

Toşkent şahrining 12 ta tumanida davlat-xususiy şeriklik asosida jami 100 ta sanitariya-gigiyena şoxobçasi taşkil etilişi re…
10:33 / 27.10.2026
Özbekistonda bugun yoğingarçilik kutilmaydi

Özbekistonda bugun yoğingarçilik kutilmaydi

Bugun, Özbekiston böylab havo özgaruvçan böladi, yoğingarçilik kutilmaydi. Bu haqda Özgidromet xabar berdi.
16:41 / 26.10.2026
Kinematografiya agentligi tugatilib, vakolatlari Madaniyat vazirligiga ötkaziladi

Kinematografiya agentligi tugatilib, vakolatlari Madaniyat vazirligiga ötkaziladi

Prezident kino sohasini boşqariş tizimini isloh qilişni ma’lum qildi. Unga köra, Kinematografiya agentligi tugatilib, kino s…
17:44 / 26.10.2026
Megan Markl otasi bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi

Megan Markl otasi bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi

Sasseks gersoginyasi Megan Markl 2025-yilda otasi Tomas Marklga maktub yozib, uning farzandlari bilan uçraşişiga ruxsat berm…
13:34 / 27.10.2026
“Özbekfilm” hududida kino şaharçasi taşkil etiladi

“Özbekfilm” hududida kino şaharçasi taşkil etiladi

“Özbekfilm” kinostudiyasining 10 gektarlik hududida kino xizmatlarini birlaştiruvçi “Özbekfilm kino şaharçasi” taşkil etilad…
17:58 / 26.10.2026

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!

O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!