Joriy yilning 7-8 may kunlari tog‘li Boysun tumanidagi Padang qishlog‘ida “Boysun bahori” ochiq folklor festivali bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Surxondaryo viloyati hokimligi va boshqa bir qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilayotgan festivalga puxta hozirlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 7 fevraldagi “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga muvofiq an’anaviy festivalda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan folklor jamoalarining 200 dan ortiq vakili o‘z hududlariga xos libos va qadimiy kuy-qo‘shiqlar bilan faol ishtirok etadi.
“Festivalda mamlakatimiz va xorijiy davlatlarda o‘zlarining noyob, betakror san’atlari bilan muxlislarini xushnud etib kelayotgan folklor-etnografik jamoalar ishtirokiga alohida e’tibor qaratilgan”, – deydi viloyat Madaniyat boshqarmasi boshlig‘i D.Boboyorov.
Ming yillardan buyon O‘zbekistonda asrab-avaylab kelinayotgan bunday nodir va noyob boyliklarning “Boysun bahori” ochiq folklor festivalida tarannum etilishida chuqur ma’no bor. Zero, dunyo ahlini o‘z bag‘riga chorlayotgan Boysun – UNESCO tomonidan “Insoniyatning og‘zaki va nomoddiy madaniy merosi” durdonasi sifatida e’tirof etilib, 2008 yilda UNESCO’ning “Insoniyatning nomoddiy madaniy meros” reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.
Shodiyona doirasida milliy kurash musobaqasi, etnosport, velomarofon, uloq-ko‘pkari, varrak uchirish, arqon tortish, chillak va boshqa xalq o‘yinlariga ham keng o‘rin ajratilgan.
Festival yakunida eng yaxshi folklor-etnografik va eng yaxshi o‘tov-uy o‘rnatgan jamoalar, sport va xalq o‘yinlari g‘oliblari munosib taqdirlanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!