Nosir al-Xelaifi FIFA prezidentligiga nomzod sifatida muhokama qilinmoqda
Yevropa futbol doiralarida Fransiyaning PSJ klubi prezidenti Nosir al-Xelaifini FIFA prezidentligi uchun ehtimoliy nomzod sifatida ilgari surish masalasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda Politico nashri manbalariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu muhokamalar 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati vaqtida boshlangan. Bunga FIFA prezidenti Janni Infantino siyosatidan ayrim yevropalik futbol amaldorlarining noroziligi hamda Jahon chempionati tijorat huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga sotish rejalari haqidagi xabarlar sabab bo‘lgani aytilmoqda.
Nashrga ko‘ra, ayrim manbalar Nosir al-Xelaifi nomzodi uchun “barcha omillar mos kelayotganini” bildirgan.
Biroq PSJ prezidenti vakillari bu ma’lumotlarni rad etib, al-Xelaifining FIFA rahbarligi bo‘yicha hech qanday qiziqishi, rejasi yoki niyati yo‘qligini ma’lum qilgan.
Politico ma’lumotiga ko‘ra, agar u nomzodini qo‘ysa, 2027-yilda bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentligi saylovida Janni Infantinoning asosiy raqobatchilaridan biriga aylanishi mumkin.
Hozircha Nosir al-Xelaifining nomzodi rasman ilgari surilgani yo‘q. Shu bilan birga, Yevropa futbol doiralarida FIFA boshqaruvi, Jahon chempionatining tijoratlashuvi va tashkilotning kelgusi rivojlanish yo‘nalishlari yuzasidan bahslar davom etmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!