Durov Rossiyaning ayblovlariga javob qaytardi
Telegram asoschisi Pavel Durov Rossiya tomonidan “terrorchi va ekstremistlar” ro‘yxatiga kiritilgani hamda unga terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish ayblovi qo‘yilganiga munosabat bildirdi.
Rossiyaning Moliyaviy monitoring bo‘yicha federal xizmati yangilangan ro‘yxatda Durovning ismini “terroristlar va ekstremistlar” qatoriga kiritdi. Uning ismi yonidagi yulduzcha belgisi unga nisbatan terrorchilik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini anglatadi.
Avvalroq Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) Durovni terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashishda ayblab, xalqaro qidiruvga berilganini ma’lum qilgan edi. Idora bayonotiga ko‘ra, Telegram ma’muriyati Rossiya hududida terrorchilik va diversiya faoliyati uchun foydalanilgan kanal hamda botlarni o‘chirmagan.
Bunga javoban Pavel Durov o‘zining Telegram kanalida quyidagicha bayonot berdi:
“Rossiya Telegram’da ommaviy kuzatuv va senzura bo‘yicha talablarini bajarishdan bosh tortganim uchun meni “terrorchi” deb e’lon qildi. Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, menga internetda axborot e’lon qilish taqiqlanadi. Rossiya amaldorlari internetda kim kimni bloklashi mumkinligini ochiqchasiga tushunmayapti.”
Shuningdek, FSB bayonoti e’lon qilinganidan so‘ng Durov o‘z Telegram kanalidagi profil suratini qisqa muddatga terrorchi obrazidagi tasvirga almashtirgan, keyinroq esa uni olib tashlagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!