O‘zbekistonda xavfsizlik talablariga javob bermagani sababli 464 ta yonilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda 22-iyundan kuchga kirgan Vazirlar Mahkamasining qarorida ma’lum qilindi. Qarorga ko‘ra, respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan suyultirilgan va siqilgan gaz, neft mahsulotlarini quyish shoxobchalari, shuningdek, aholi gaz ballonlarini to‘ldirish stansiyalari va punktlarida avariya hamda noxush hodisalarning oldini olish, xavfsizlik talablariga rioya etilishi holatini o‘rganish maqsadida keng ko‘lamli xatlov o‘tkazildi. Xatlov davomida mamlakatdagi jami 6 196 ta yonilg‘i quyish va gaz to‘ldirish inshooti tekshiruvdan o‘tkazilib, 46 ming 737 ta qoidabuzarlik va kamchilik aniqlangan.
Aniqlangan kamchiliklarning: 2 218 tasi qurilish sohasiga; 7 949 tasi yong‘in xavfsizligiga; 25 341 tasi sanoat va texnika xavfsizligiga; 3 354 tasi texnik jihatdan tartibga solish talablariga; 7 875 tasi esa belgilangan texnologik jarayonlarga rioya etilmaganiga to‘g‘ri kelgan. Tekshiruvlar davomida 7 ming 166 ta kamchilik joyida bartaraf etilgan. Xavfsizlik talablariga jiddiy rioya qilmagan 464 ta yonilg‘i quyish shoxobchasi faoliyati esa vaqtincha to‘xtatilgan. Shuningdek, qarorga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan boshlab barcha turdagi yonilg‘i quyish shoxobchalari va gaz to‘ldirish inshootlarida, jumladan, yonilg‘idan o‘z ehtiyoji uchun foydalanadigan obyektlarda xizmat muddati tugagan yoki ishlab chiqarilgan sanasi aniqlanmagan, ortiqcha bosim ostida ishlovchi uskunalardan foydalanish 2030-yil 1-yanvarga qadar cheklanadi.
Bundan tashqari, 2026-yil sentyabr oyiga qadar inson hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan, jamoat xavfsizligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, sanoat va yong‘in xavfsizligi hamda shaharsozlik normalari talablariga javob bermaydigan yonilg‘i quyish va gaz to‘ldirish inshootlari reyestri shakllantiriladi. Kelgusida bunday obyektlarni bosqichma-bosqich xavfsiz hududlarga ko‘chirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!