Avstraliya Federal politsiyasi (AFP) Sidney shahri g‘arbidagi Londerderri hududida 2,7 tonna kokainni musodara qildi. Bu mamlakat tarixida aniqlangan eng yirik kokain partiyasi sifatida qayd etildi. Bu haqda AFP matbuot xizmati ma’lum qildi. Ma’lum qilinishicha, giyohvand modda uchta yuk konteynerining soxta pollari ostiga yashirilgan plastik idishlar ichidan topilgan. Politsiya hisob-kitoblariga ko‘ra, musodara qilingan kokainning qora bozordagi qiymati qariyb 816 million AQSH dollarini tashkil etadi. Ushbu miqdor taxminan 3 million bir martalik dozaga teng. Mazkur ish doirasida 21 va 25 yoshli ikki erkak qo‘lga olingan.
Ularga noqonuniy ravishda mamlakatga olib kirilgan giyohvandlik vositalarining tijoriy partiyasini saqlash ayblovi qo‘yilgan. Ushbu jinoyat uchun maksimal jazo sifatida umrbod ozodlikdan mahrum etish nazarda tutilgan. Hozirda har ikki gumonlanuvchi qamoqda saqlanmoqda. Navbatdagi sud majlisi joriy yilning 13-avgust kuni Penrit sudida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Qayd etilishicha, musodara operatsiyasi Avstraliyaning sharqiy qirg‘oqlari orqali yirik miqdordagi giyohvand moddalarni olib kirish va tarqatishga urinishlarni fosh etishga qaratilgan “Operation Minjiang” maxsus tergovi doirasida amalga oshirilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, kokain mamlakatga Shimoliy Kvinslenddagi Midj-Poynt hududi orqali olib kirilgan va keyinchalik uyushgan jinoiy guruh ko‘rsatmasiga asosan Sidneyga yetkazilgan. “Operation Minjiang” doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar shu paytgacha jami 3 tonnadan ortiq giyohvandlik vositalarini, jumladan, avval musodara qilingan 178 kilogramm kokain hamda 142 kilogramm metamfetaminni qo‘lga kiritgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!