Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer mamlakat hukumati rahbari hamda Leyboristlar partiyasi yetakchisi lavozimidan iste’foga chiqishini ma’lum qildi. Bu haqda BBC News xabar berdi. «Qabul qilgan har bir qarorim o‘zim sevgan mamlakatni hamma narsadan ustun qo‘yish istagi bilan qabul qilingan. Aynan shu sababli iste’foga chiqyapman», — dedi Starmer.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Leyboristlar partiyasi yetakchiligiga nomzodlarni ko‘rsatish jarayoni 9 iyul kuni boshlanadi va parlamentning yozgi ta’tiliga qadar yakunlanadi. Yangi yetakchi sentyabr oyida parlament ishini qayta boshlaguniga qadar o‘z vazifasiga kirishishi kutilmoqda. Starmer yangi partiya yetakchisi saylanguniga qadar bosh vazir lavozimida qolishi va hokimiyatning tinch hamda tartibli topshirilishini ta’minlashini bildirdi. «Saylovlar yakunlanguniga qadar bosh vazir sifatida faoliyatimni davom ettiraman. Shuningdek, o‘zimdan keyingi vorisga to‘liq va so‘zsiz yordam ko‘rsataman.
Endi unga ikki yil avval qabul qilib olganimdan ko‘ra kuchliroq va adolatliroq mamlakat qoladi», — dedi u. Starmer siyosiy faoliyatidan so‘ng asosiy e’tiborini oilasiga qaratishini ta’kidladi. Britaniya OAVlari, jumladan BBC va The Guardian nashrlari xabariga ko‘ra, bosh vazir lavozimiga asosiy nomzod sifatida Katta Manchester meri Endi Byornem ko‘rilmoqda. U yaqinda parlamentga o‘tkazilgan navbatdan tashqari saylovlarda g‘alaba qozonib, Leyboristlar partiyasidan deputat etib saylangan. Eslatib o‘tamiz, Kir Starmer boshchiligidagi Leyboristlar partiyasi 2024 yil iyul oyida bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi parlament saylovlarida g‘alaba qozonib, 14 yil davomida hokimiyatda bo‘lgan Konservativ partiyani mag‘lub etgan edi. Siyosatchining iste’fosi haqidagi chaqiriqlar 2026 yil may oyida o‘tkazilgan mahalliy saylovlarda Leyboristlar partiyasi kutilgan natijani qayd eta olmaganidan keyin yanada kuchaygan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!