2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatining “S” guruhidan o‘rin olgan Shotlandiya va Marokash terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv Marokashning minimal hisobdagi g‘alabasi bilan yakunlandi. AQSHning Foksboro shahridagi mashhur “Jillett” stadionida bo‘lib o‘tgan bahsni o‘zbekistonlik FIFA toifasidagi hakam Ilgiz Tantashev boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib bordi. Uchrashuv taqdirini hal qilgan yagona gol o‘yinning 2-daqiqasida kiritildi. Marokash yarim himoyachisi Ismael Saybari raqib darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasiga muhim uch ochko keltirdi. Qolgan vaqt davomida har ikki jamoa faol harakat qilgan bo‘lsa-da, hisob o‘zgarmadi. Shu tariqa, Marokash terma jamoasi guruhdagi ilk g‘alabasini qo‘lga kiritdi. Eslatib o‘tamiz, birinchi turda marokashliklar Braziliya bilan 1:1 hisobida durang o‘ynagan edi. Shotlandiya esa ilk turda Gaiti ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozongan. Guruh bosqichining so‘nggi turida Shotlandiya Braziliyaga qarshi bahs olib borsa, Marokash terma jamoasi Gaiti bilan kuch sinashadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!