Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlarida elektr tarmoqlariga ulab berish, aniqlangan zarar miqdorini kamaytirib berish hamda jarimalarni rasmiylashtirmaslik evaziga pul talab qilgan shaxslar fosh etildi. Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, Farg‘ona tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Farg‘ona tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi D.A. fuqaroning ishlab chiqarish sexini elektr tarmog‘iga ulab berish, hisoblagich o‘rnatish va tegishli hujjatlarni rasmiylashtirish evaziga 100 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shuningdek, Asaka tumanidagi tergovga qadar tekshiruv davomida mahalliy elektr tarmoqlari korxonasi xodimi S.X. tadbirkorning sutni qayta ishlash sexini elektr tarmog‘iga ulab berish va hujjatlarini rasmiylashtirishni va’da qilib, 11,7 million so‘m mablag‘ni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib yuborgani aniqlangan. Tekshiruv jarayonida ushbu mablag‘ning 2 million so‘mi qaytarilgan. Namangan viloyatida esa elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi B.U. fuqaroning xonadonida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati bo‘yicha hisoblangan 62,4 million so‘mlik zararni kamaytirib berishni va’da qilib, 400 AQSH dollari olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Qo‘rg‘ontepa tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa «Energosavdo» bo‘limi muhandisi I.Q. va boshqa shaxslar fuqaroga nisbatan qoidabuzarlik bo‘yicha dalolatnoma rasmiylashtirmaslik va jarima qo‘llamaslik evaziga 3 million so‘m talab qilgani aniqlangan. Ular avvaldan 1,6 million so‘mni qo‘lga kiritib, qolgan 1,4 million so‘mni olgan vaqtida ushlangan. Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!