O‘zbekistonning barcha 6 ta jamoasi shaxmat Olimpiadasini g‘alaba bilan boshladi.
O‘zbekiston Samarqanddagi shaxmat olimpiadasida oltita jamoa bilan ishtirok etmoqda. 1-turda erkaklarning uchta jamoasi Yamayka, Mali va Afg‘onistonni, ayollar jamoalari esa Trinidad va Tobago, Togo hamda Tanzaniyani mag‘lub etdi.
16-sentyabr kuni Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi 1-tur bahslari o‘tkazildi. O‘zbekiston musobaqa mezboni sifatida erkaklar va ayollar turnirida uchtadan jamoa bilan qatnashmoqda.
Birinchi turda erkaklarning asosiy jamoasi Yamaykani 4:0 hisobida yengdi. Birinchi taxtada Nodirbek Abdusattorov, keyingi taxtalarda Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov va Muhiddin Madaminov g‘alabaga erishdi. O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi Javohir Sindarov dastlabki turda dam oldi.
O‘zbekiston-2 erkaklar jamoasi Afg‘onistonni 3:1 hisobida mag‘lub etdi. O‘zbekiston-3 musobaqani Mali ustidan qozonilgan 3,5:0,5 hisobidagi g‘alaba bilan boshladi.
Birinchi raqamda ekilgan va asosiy favorit sanalayotgan AQSH terma jamoasi Iroq bilan kuch sinashdi va 3,5:0,5 hisobida g‘alaba qozondi. Amaldagi Olimpiada chempioni, ikkinchi raqamda ekilgan Hindiston birinchi turda Tailand ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘zbekistonning asosiy ayollar terma jamoasi Trinidad va Tobagoni 4:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Birinchi taxtada Gulruhbegim Tohirjonova, keyingi taxtalarda Nilufarxon Imomqo‘ziyeva, Guldona Karimova va Umida Omonova raqiblaridan ustun keldi.
O‘zbekiston-2 terma jamoasi Togo ustidan 3:1 hisobida g‘alaba qozondi. O‘zbekiston-3 esa Tanzaniyani yirik 4:0 hisobida mag‘lub etdi.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi Samarqandda 27-sentyabrgacha davom etadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!