Angliyaning mashhur klubi Toshkentda akademiya ochishi mumkin.
Angliyaning “Fulhem” futbol klubi Britaniya tajribasi va standartlari asosida Yangi Toshkentda futbol akademiyasini tashkil etish imkoniyatini o‘rganishga tayyor. Bu haqda “Dunyo” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, mazkur masala klub vakillarining O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi diplomatlari bilan uchrashuvida muhokama qilingan. Uchrashuv O‘zbekiston Prezidentining investorlar va tadbirkorlar bilan ochiq muloqotida Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarni amalga oshirish doirasida tashkil etilgan.
Unda “Fulhem” klubining futbolni rivojlantirish yo‘nalishi rahbari Xyu Jennings va tijorat menejeri Brett Makgoldrik ishtirok etgan.
Uchrashuv yakunida “Fulhem” rahbariyati Yangi Toshkentda Britaniya tajribasi asosida futbol akademiyasi tashkil etish istiqbollarini o‘rganishga tayyorligini bildirgan. Tomonlar tashabbusni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikning aniq mexanizmlarini ishlab chiqishga kelishib olgan.
Ma’lumot uchun, “Fulhem” 1879-yilda Londonda tashkil etilgan Angliyaning eng qadimgi jamoalaridan biri hisoblanadi. Jamoa tarixidagi eng muhim yutuqlardan biri – 1975-yilda Angliya Kubogi finaliga chiqqani. Klub 2010-yilda Yevropa Ligasi finaliga qadar yetib borgan. “Fulhem” hozirgacha Angliya Premer-ligasi yoki Angliya Kubogida chempion bo‘lmagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!