O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov investitsiya va tashqi savdo masalalariga befarqligi uchun lavozimidan ozod etildi. Bu haqda bugun, 21-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar va yil yakunigacha amalga oshiriladigan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda oliy darajadagi 52 ta tashrif doirasida 213 milliard dollarlik 1 617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan. Biroq ushbu loyihalar ijrosini nazorat qilishda sustkashliklar kuzatilayotgani qayd etilgan.
Endilikda “yo‘l xaritalari” Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi tomonidan yuritilishi belgilandi.
Bosh vazirga har hafta tarmoq rahbarlari, hokimlar va elchilar bilan birgalikda “yo‘l xaritalari”ni davlatlar kesimida, “loyihabay” muhokama qilish topshirildi.
Davlat rahbari xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyati bo‘yicha ham ko‘plab e’tirozlar borligini bildirdi. Belarusdagi elchi investitsiya va tashqi savdo masalalariga befarqligi uchun lavozimidan ozod etilgan, Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, Ummon, Indoneziya, Malayziya va Singapurdagi elchilarning faoliyati ham yetarli darajada ko‘rinmayotgani qayd etilgan.
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga komissiya tuzib, iqtisodiy diplomatiya, investitsiya va eksport bo‘yicha diplomatik vakolatxonalarning ishini tahlil qilish, o‘z vazifasini bajara olmayotganlarni yosh, zamonaviy fikrlaydigan kadrlar bilan almashtirish yuzasidan takliflar kiritish topshirildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!