“Xochu jit” (yashashni istayman) tashkiloti Ukrainadagi urushda Rossiya armiyasi safida jang qilgan, halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan o‘zbekistonlik fuqarolarning yangi ro‘yxatini e’lon qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan 481 nafar o‘zbekning shaxsi aniqlangan. Bu ro‘yxat to‘liq emas, aniq yo‘qotishlar soni ancha ko‘p bo‘lishi ehtimol qilinmoqda.
Tashkilot hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston bugun Rossiya armiyasida xizmat qilayotgan xorijlik yollanma askarlar soni bo‘yicha yetakchi davlat hisoblanadi. Nodavlat manbalar ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 2 715 nafar o‘zbek fuqarosi Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi jang qilgan yoki hozir ham ishtirok etmoqda.
Ulardan 498 nafari 2023-yilda, 941 nafari 2024-yilda va 2025-yilning dastlabki olti oyida deyarli 1 300 nafar o‘zbek fuqarosi Rossiya bilan harbiy shartnoma imzolagan. Shuningdek, Rossiya armiyasi safida asirga tushgan xorijliklar orasida ham o‘zbeklar soni eng ko‘p ekani qayd etilgan.
Tashkilot ma’lumoticha, Rossiyadagi politsiya va tergov organlari ba’zan muhojirlarni ish va’dasi bilan yoki qo‘rqitish orqali urushga jalb etmoqda. Ayrim hollarda bunday faoliyat uchun moddiy mukofotlar ham to‘lanishi qayd etilgan. Bu holat inson savdosi va mehnat muhojirlarining huquqiy himoyasizligini yanada kuchaytirayotgani ta’kidlanmoqda.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, fuqarolarning chet davlat harbiy xizmatlariga kirishi JKning 154¹-moddasiga muvofiq jinoiy javobgarlikka sabab bo‘ladi. Agar shaxs yollanma yoki shartnoma asosida chet el armiyasi safida xizmat qilsa, u holda besh yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.









O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!