Yangi o‘quv yili boshlanishi munosabati bilan Toshkent metropolitenida ertalabki va kechki tig‘iz vaqtlarda poyezdlar harakati intervallari qisqartiriladi.
Bunga poytaxtdagi barcha oliy ta’lim tashkilotlarida birinchi smena mashg‘ulotlari soat 08:00 dan boshlanishi sabab yo‘lovchilar oqimi oshishi kutilayotgani asos bo‘lmoqda.
Ma’lum qilinishicha, tig‘iz vaqtlarda metro yo‘nalishlarida poyezdlar quyidagi intervalda harakatlanadi:
— Chilonzor yo‘nalishida — 1,5–2 daqiqa;
— O‘zbekiston yo‘nalishida — 3 daqiqa;
— Yunusobod yo‘nalishida — 4 daqiqa;
— Yer usti halqa yo‘lida — 7–8 daqiqa.
Shuningdek, 2026-yil davomida metropoliten vagon parkini 14 ta zamonaviy harakat tarkibi bilan to‘ldirish rejalashtirilgan. Hozirga qadar 11 ta yangi tarkib yetkazib berilgan bo‘lib, yaqin kunlarda yana 3 tasi olib kelinishi kutilmoqda.
Yo‘lovchilarga qulay va xavfsiz xizmat ko‘rsatish maqsadida tig‘iz vaqtlarda barcha 50 ta metro bekatida navbatchilik tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. Mas’ul xodimlardan iborat guruhlar ertalabki va kechki tig‘iz paytlarda bekatlarda navbatchilik qilib, yo‘lovchilarga zarur yordam ko‘rsatadi.
Qayd etilishicha, ushbu choralar yangi o‘quv yili boshlanishi bilan ortishi kutilayotgan yo‘lovchilar oqimini samarali boshqarish, metro qatnovining barqarorligini ta’minlash hamda yo‘lovchilar uchun qulay va xavfsiz sharoit yaratishga qaratilgan.
Eslatib o‘tamiz, Toshkent shahridagi oliy ta’lim tashkilotlarida 2026/27-o‘quv yilidan boshlab birinchi smenadagi mashg‘ulotlar soat 08:00 da boshlanadi. 1-bosqich talabalari uchun darslar 7-sentyabrdan, 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun esa 14-sentyabrdan boshlanadi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!