O‘zbekiston Hindistondan go‘sht importini kengaytirish va ushbu mamlakatda go‘sht yetishtirish hamda tayyorlash bo‘yicha qo‘shma korxonalar tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi, xususan, chorvachilik va oziq-ovqat sohalaridagi hamkorlik kengayib bormoqda. Ayni paytda Hindistondan nisbatan arzon go‘sht mahsulotlarini import qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Abdurahmonov go‘sht importida mahsulotning halolligi va xavfsizligi asosiy talablardan biri bo‘lishini ta’kidladi. Hindistonda go‘shtni so‘yish va tayyorlash jarayonlarida O‘zbekiston mutaxassislari ishtirok etishi hamda tegishli xalqaro va halol sertifikatlar ta’minlanishi bo‘yicha kelishuvlarga erishilgan.
“O‘zimizning oziq-ovqat korxonalarimiz go‘shtni o‘sha joyda tayyorlab, keyin eksportini yo‘lga qo‘yishi rejalashtirilmoqda”, — dedi vazir.
Shuningdek, go‘shtni O‘zbekistonga yetkazib berish logistikasini rivojlantirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Xususan, Turkiyaning Mersin porti orqali Hindiston, Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida uch tomonlama logistika yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
Vazir O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi savdosi so‘nggi yillarda uch barobardan ko‘proq oshganini qayd etdi. Hindistondan go‘sht mahsulotlari import qilinayotgan bo‘lsa, O‘zbekiston ushbu mamlakatga 30 dan ortiq turdagi mahsulotlarni eksport qilish uchun zarur ruxsatnoma va litsenziyalarga ega.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!