Bayram kunlarida turistik yo‘nalishlarga qatnovlar ko‘paytiriladi.
Bayram kunlarida O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiluvchilar uchun temiryo‘l, avtomobil va havo transportida qo‘shimcha qatnovlar tashkil etiladi. Ayrim poyezdlarga qo‘shimcha vagonlar ulanadi, Toshkentdan Samarqand, Buxoro va Urganchga qo‘shimcha tezyurar poyezdlar, shuningdek, Urganch, Nukus, Buxoro va Termizga qo‘shimcha aviareyslar yo‘lga qo‘yiladi.
Turizm qo‘mitasi bayram kunlarida aholining O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish imkoniyatlarini kengaytirish va ichki turizmni rag‘batlantirish maqsadida qo‘shimcha transport qatnovlarini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
Temiryo‘l transportida «Toshkent–Xiva–Toshkent», «Toshkent–Qo‘ng‘irot–Toshkent», «Toshkent–Shovot–Toshkent», «Toshkent–Termiz–Toshkent» va «Toshkent–Sariosiyo–Toshkent» yo‘nalishlaridagi poyezdlarga 4 tagacha qo‘shimcha vagon ulanadi.
Bundan tashqari, «Toshkent–Samarqand–Toshkent», «Toshkent–Buxoro–Toshkent» va «Toshkent–Urganch–Toshkent» yo‘nalishlarida yuqori tezlikda harakatlanuvchi elektropoyezdlarning qo‘shimcha qatnovlari tashkil etiladi.
Ushbu qo‘shimcha poyezdlar bayramdan ikki kun oldin qatnay boshlaydi va bayramdan keyingi ikki kun davomida ham harakatlanadi.
Avtomobil transportida esa barcha viloyatlararo yo‘nalishlarda qo‘shimcha avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi.
Toshkent–Janubiy temiryo‘l vokzali hududida viloyatlararo avtobuslar uchun zaxira to‘xtash joyi ajratiladi. Bayramdan kamida uch kun oldin «Toshkent–Samarqand–Buxoro–Urganch–Nukus» yo‘nalishlaridagi zaxira avtobuslari shu yerga joylashtiriladi.
Havo qatnovlari ham ko‘paytiriladi. Bayramdan kamida ikki kun oldin «Toshkent–Urganch», «Toshkent–Nukus», «Toshkent–Buxoro» va «Toshkent–Termiz» yo‘nalishlarida qo‘shimcha aviareyslar amalga oshiriladi.
Rasmiylarga ko‘ra, qo‘shimcha transport qatnovlari bayram kunlarida hududlarga sayohat qilishni yengillashtirish, ichki turizmni rivojlantirish va tarixiy, madaniy hamda tabiiy turistik maskanlarga tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik yaratishga qaratilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!