Tramp yana Nobeldan quruq qoldi. Mukofot afrikalik ayolga nasib etdi.
Yurist, Ruanda bo‘yicha Xalqaro jinoiy tribunalning sobiq raisi, 2008-2014 yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari bo‘lib ishlagan Navanetxem (“Navi”) Pilley 2026 yilgi Nobel tinchlik mukofoti laureati bo‘ldi. Bu haqda Oslodagi Norvegiya Nobel qo‘mitasi e’lon qildi.
Mukofot unga “tinchlik va xalqaro huquqni targ‘ib qilishdagi sa’y-harakatlari uchun” berildi.
Ma’lumot uchun, Navi Pilley – Janubiy Afrika Respublikasida tug‘ilgan hind millatiga mansub huquqshunos. Mamlakatdagi huquqshunoslik amaliyoti yillarida u apartheydga qarshi kurashchilarni himoya qilgan, apartheyd davri hukumatining qiynoqlari va qatag‘on choralarini fosh etgan. U JAR Oliy sudidagi birinchi “oq tanli bo‘lmagan” ayolga aylandi. 2003-2008 yillarda Xalqaro jinoiy sud (XJS) sudyasi bo‘lib ishlagan.
Bu yil tinchlik mukofotiga 287 ta nomzod – 208 nafar shaxs va 79 ta tashkilot ilgari surilgan edi. Qo‘mita ularning ismlarini oshkor etmaydi: nomzodlar va muhokamalar haqidagi ma’lumotlar 50 yil davomida sir saqlanadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti Venesuelada muxolifat yetakchisi Mariya Korina Machadoga berilgan edi. U esa mukofotni Oq uyda o‘tkazilgan qabul marosimi chog‘ida AQSH Prezidenti Donald Trampga topshirdi. Trampning o‘zi esa o‘tgan yil davomida o‘zi bir nechta urushlarni to‘xtatganini aytib, Nobel mukofotiga da’vogarlik qilgan edi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!