Germaniyada 13 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash rejalashtirilmoqda.
Hukumat, shuningdek, platformalarga dastlabki bosqichdanoq bolalar xavfsizligini hisobga olish majburiyatini yuklamoqchi.
Germaniya hukumati internetda bolalarni himoya qilish choralarini kuchaytirishni rejalashtirmoqda.
Takliflar orasida 13 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash, o‘smirlar uchun cheklovlar joriy etish va boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus ta’lim dasturini ishlab chiqish kabi choralar bor. Vazirlar Mahkamasi islohotning asosiy qoidalarini ma’qullagan, ammo yakuniy qonunlar hali qabul qilinmagan.
Germaniya Yevropa Ittifoqi darajasida yagona qoidalar joriy etilguniga qadar o‘z cheklovlarini o‘rnatishni ko‘zda tutmoqda. Bunda bolalar uchun mo‘ljallangan maxsus platformalarga istisno tariqasida ruxsat berilishi mumkin. 13 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar uchun bosqichma-bosqich cheklovlar nazarda tutilmoqda, biroq ular hozircha aniq belgilanmagan.
Hukumat, shuningdek, platformalarga dastlabki bosqichdanoq bolalar xavfsizligini hisobga olish majburiyatini yuklamoqchi. Jumladan, algoritmlar asosidagi tavsiyalarni standart holatda o‘chirib qo‘yish va qaramlik keltirib chiqaruvchi funksiyalarga qarshi kurashish taklif etilmoqda. Bunday funksiyalar qatoriga lentani cheksiz aylantirish va videolarni avtomatik ravishda ijro etish kiradi.
Yana bir tashabbus «CI-Seepferdchen» dasturi bo‘lib, unda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga sun’iy intellekt ilovalarini tanish, ularning imkoniyatlari va xavf-xatarlarini anglash hamda ulardan ongli ravishda foydalanish o‘rgatiladi.
Cheklovlar qachon kuchga kirishi noma’lum. Bitkom so‘rovi ma’lumotlariga ko‘ra, Germaniya aholisining 79 foizi bolalar uchun «CI-Seepferdchen» dasturi g‘oyasini foydali deb hisoblaydi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!