Bugun, 25-sentabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi anjumanlar zalida Moliya, Transport, Qurilish va Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirliklari rahbar xodimlari hamda jurnalistlar ishtirokida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

Tadbirda “Obod qishloq” dasturini 2019-yilda amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarorining ijrosi hamda uning mohiyati yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Shuningdek, joriy yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida har bir tumanda 3 tadan qishloq (mahalla)da aholining yashash sharoitini tubdan yaxshilash, mazkur qishloq (mahalla)larning qiyofasini zamonaviylashtirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axborot berildi.
Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri o‘rinbosari Nazirjon Nazirovga ko’ra, “Obod qishloq” dasturiga asosan kommunal sohaga aloqador 2 ta asosiy masala kiritilgan. Ular – qishloq aholi punktlarini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda u yerdagi ko‘p qavatli uy-joylarning sharoiti masalasi. Unga ko‘ra, 812 ta ko‘p qavatli uy uchun 5 393 ta kirish yo‘lagini ta’mirlash, 1 790 ta temir eshik hamda 5 461 ta individual isitish tizimini o‘rnatish ishlari ko‘zda tutilgan.
Qolaversa, “Obod qishloq” loyihasiga asosan yil yakuniga qadar tegishli joylarda 520 ta ayvonli tandirxona, 280 ta yangi bolalar maydonchasi, 1 427 ta tungi yoritish uskunalari o‘rnatilib, ko‘p qavatli uy-joylar hududidagi yo‘laklar ta’mirlanadi. Bu borada tijorat banklari tomonidan 92 milliarddan ortiq imtiyozli kredit ajratilgan.
Prezident qaroriga muvofiq, respublikada ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash maqsadida 159 ta tumanning 476 ta qishlog‘ida 2 700 km.dan ortiq ichimlik suv quvurini tortish hamda 452 ta suv inshootining yaratib, mavjudlarini rekonstruksiya qilish ishlari bajarilyapti. Natijada, 120 mingdan ortiq aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi. Dastur doirasida suv ta’minotini yaxshilash uchun “Suv ta’minoti va oqava suv tizimlarini rivojlantirish” jamg‘armasi hisobiga 317 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Umumiy hisobda esa, joriy yilda qishloq aholisi ichimlik suvini yaxshilash maqsadida 1,5 trilliondan ortiq mablag‘ ajratilgan, deya uning so‘zlarini keltirmoqda Xabardor.uz muxbiri.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!