Bo‘y o‘sishi bola jismoniy rivojlanishi va salomatligining muhim ko‘rsatkichidir. Go‘dak 1 yoshgacha yiliga o‘rtacha 25 sm.dan, ikki yoshgacha esa 10-12 sm.dan o‘sib boradi. Bola bo‘yi 2 yoshdan keyin va jinsiy yetilish davrigacha yiliga 4 sm.dan o‘sib borishi kerak.
Besh yoshgacha bo‘y uzunligiga qalqonsimon bezi gormoni mas’ul hisoblanadi. Bolada jinsiy yetilish davri boshlanishi bilan bu nazorat jinsiy gormonlarga o‘tadi va bunda bo‘y o‘sishida “sakrash” yuz beradi.
O‘g‘il bolalarda bu holat qizlarga qaraganda 2-3 yilga kech kuzatilganligi sabab, ayrim ota-onalar bundan xavotirga tushadi. Ammo shuni aytib o‘tish kerakki, ma’lum vaqtdan so‘ng o‘g‘il bolaning bo‘yi ham birdan o‘sib ketadi (hattoki yiliga 10 sm.gacha o‘sishi mumkin). O‘g‘il bolaning bo‘yi qisilib o‘sadi, degan fikr shundan kelib chiqqan bo‘lsa kerak?! Umumiy o‘smirlik davrida bo‘y uzunligi 20-25 sm.ga uzayadi.

Xavotirga sabab bormi?
Aksariyat ota-onalar bolasining bo‘y o‘sishi tengqurlariga qaraganda ortda qolayotganligidan xavotirlanib, shifokorga murojaat qilishadi. Odatda mazkur ortda qolishga irsiyat, mavjud endokrinologik buzilishlar, noto‘g‘ri ovqatlanish, vitamin tanqisligi kabi bir qancha omillar sabab bo‘lishi mumkin. Shuning uchun farzandingiz bo‘yi o‘z tengqurlariga qaraganda kichik bo‘lsa, albatta, buning sababini aniqlash va uni bartaraf etish lozim.
Bola bo‘yi tez o‘sayotgan bo‘lsa-chi?
Ko‘pincha bu holat irsiyatga borib taqaladi. Chunki insonning ozg‘in yoki semizligi, bo‘yining past yoki balandligi irsiy hujayralarda muhrlangan bo‘ladi. O‘z navbatida bu holat hech qanday davolanishni talab etmaydi.
Bola bo‘yining tez o‘sib ketishi erta jinsiy yetilish davri sababli ham kuzatilishi mumkin. Shuningdek, irsiy buzilishlar, gipofiz bezidagi o‘smalar ham bo‘y cho‘zilishiga ta’sir ko‘rsatadi.

Nimalarga e’tibor berish kerak?
Ayrim bolalarda jinsiy yetilish davrida bo‘y o‘sishida o‘zgarish bo‘lganligi sabab, son, bel va qorin terisida yoriqlar paydo bo‘ladi. Bu holat teri cho‘zilishi sabab yuzaga keladi. Ayrim ota-onalar bundan xavotir olib mutaxassisga olib borishadi. Biroq mazkur teri yoriqlari davolanishni talab etmaydi. Ular rangi vaqt o‘tib och rangga kirib, deyarli sezilmas bo‘lib qoladi.
Biroq bu hammada bir xil kechadi, degani emas. Bo‘yning jadal o‘sishi sabab har kimning ham qon-tomir tizimi qayta qurilishga ulguravermaydi. Shuning uchun tomirlar faoliyatini nazorat qiluvchi markazlarda chetga chiqishlar yuzaga keladi. Ayrim o‘smirlarda bu bosh og‘rig‘i, tomirlar tonusining o‘zgarishi, qon bosimning ortishi kabi noxush alomatlar bilan kechadi. Bunday holatlar paydo bo‘lsa, albatta, shifokorga murojaat etish lozim.

Shuningdek, bo‘y o‘sishidagi muammolarni kalsiy moddasining tanqisligi ham qo‘zg‘agan bo‘lishi mumkin. Negaki, aynan kalsiy suyaklar uchun qurilish xomashyosi bo‘lib xizmat qiladi. Kalsiy tanqisligining ilk belgisi bu, bola tishlarida oq dog‘lar paydo bo‘lishidir. Ba’zida bu holat boladagi oshqozon-ichak, jigar kasalliklari tufayli mineral moddalar o‘zlashtirilishining buzilishi sabab kuzatiladi. Shuning uchun bolaga ko‘proq mazkur moddaga boy bo‘lgan mahsulotlar berish, har 3-4 oyda mutaxassis ko‘rigidan o‘tish tavsiya etiladi.
Bu muhim! Odatda, jinsiy yetilish davri qizlarda 10 yoshidan boshlanadi va bu jarayon 2-3 yil davom etadi. Agar ulg‘ayishning ilk alomatlari 8 yoki 13 yoshdan keyin kuzatilsa, bu ham me’yoriy holat hisoblanishi mumkin.

O‘g‘il bolalarda esa jinsiy ulg‘ayish davri ko‘pincha 12 yoshlarida boshlanadi va qizlarga qaraganda 4-5 yil uzoqroq davom etadi.
Nargiza Utepova tayyorladi
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!