O‘zbekistonda fuqaro aviatsiyasi sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlaydigan yangi oliy ta’lim muassasasi — Xalqaro fuqaro aviatsiyasi universiteti tashkil etiladi. Universitetni Yangi Toshkent hududida joylashtirish uchun 20 gektar yer maydoni ajratiladi.
Bu haqda 27-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida transport-logistika sohasi vakillari, investorlar va tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ma’lum qilindi.
Loyiha doirasida universitet hududida zamonaviy kampus, o‘quv-simulyatsiya majmualari hamda ilmiy-tadqiqot markazlari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, mahalliy uchuvchilarni tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlash majburiyatini olgan aviakompaniyalar uchun qo‘shimcha imtiyozlar joriy etiladi.
Xususan, ushbu kompaniyalar tomonidan jalb qilinadigan xorijiy mutaxassislar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanadi. Ular uchun mehnat faoliyatiga ruxsatnoma rasmiylashtirish yig‘imi esa 30 barobar qisqartiriladi.
Yig‘ilishda mamlakat aviatsiya parkini kengaytirish bo‘yicha ham maqsadlar belgilandi. Unga ko‘ra, havo kemalari sonini kelgusi yilda 150 taga, 2030-yilga borib esa kamida 250 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Xalqaro aeroportlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish maqsadida ularga 2030-yilgacha mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha imtiyoz beriladi. Biroq ushbu imtiyozlar natijasida tejaladigan mablag‘lar aeroportlar infratuzilmasini rivojlantirishga sarflanishi shart bo‘ladi.
Ўзбекистон ва жаҳонда рўй бераётган энг сўнгги воқеа-ҳодисалар, спорт, шоу-бизнес, маданият, информацион технологиялар ва илм-фан янгиликларидан доимо хабардор бўлинг!
Ўзбекистон ва жаҳонда рўй бераётган энг сўнгги воқеа-ҳодисалар, спорт, шоу-бизнес, маданият, информацион технологиялар ва илм-фан янгиликларидан доимо хабардор бўлинг!