Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov UzReport kanaliga bergan intervyusida 2030-yilgacha mamlakatdagi barcha talabalar uchun yetarli talabalar turar joylari barpo etilishini ma’lum qildi.
Vazirning ta’kidlashicha, davlat rahbarining tegishli qaroriga muvofiq, mamlakatda talabalar turar joylari tarmog‘ini kengaytirish ishlari jadal davom ettirilmoqda. Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan yangi yotoqxonalar 2030-yilga borib talabalar turar joyiga bo‘lgan ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi.
Ayni paytda viloyatlardan kelib, kunduzgi ta’lim shaklida tahsil olayotgan talabalarning kamida 20 foizini yotoqxona bilan ta’minlash imkoniyati mavjud. Qolgan talabalar esa ijara xonadonlarida yashamoqda. Ularning ijara to‘lovining yarmi davlat tomonidan qoplab beriladi. Shu sababli talaba uchun yotoqxonada yashash va ijara xonadonida turish xarajatlari deyarli bir xil miqdorni tashkil etadi.
Qo‘ng‘irotboy Sharipovning qayd etishicha, so‘nggi 10 yil davomida mamlakatda 100 ming o‘rinli talabalar turar joylari qurilib, foydalanishga topshirilgan. Taqqoslash uchun, undan avvalgi 100 yil davomida qurilgan yotoqxonalardagi o‘rinlar soni jami 55 mingni tashkil etgan.
Talabalarni yotoqxonalarga joylashtirish jarayonini raqamlashtirish va shaffofligini ta’minlash maqsadida maxsus elektron platforma ham ishga tushirilgan.
Yotoqxonaga ehtiyoji bo‘lgan talabalar 15-avgustdan boshlab mazkur tizim orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Joylashtirishda, avvalo, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda nogironligi bo‘lgan talabalarga ustuvorlik beriladi. Shundan so‘ng o‘rinlar olis hududlardan kelgan talabalar uchun ajratiladi. Navbat hududlarning poytaxtdan uzoqligi inobatga olingan holda shakllantiriladi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!