Buyuk Britaniya immigratsiya tizimini to‘liq raqamlashtirib, jismoniy immigratsiya hujjatlari o‘rniga E-Visa tizimini joriy etdi. Endilikda mamlakatga kirish yoki unda qolish huquqini tasdiqlovchi ma’lumotlar raqamli shaklda saqlanadi. Bu haqda mamlakat hukumati saytida ma’lum qilindi.
Buyuk Britaniya hukumatiga ko‘ra, elektron viza immigratsiya maqomini tasdiqlashni soddalashtiradi hamda hujjatlarning yo‘qolishi, o‘g‘irlanishi yoki qalbakilashtirilishining oldini oladi. Shuningdek, ariza ma’qullangach, jismoniy immigratsiya hujjatini kutish yoki olib ketishga hojat qolmaydi. Zarurat tug‘ilganda esa biometrik ma’lumotlarni shaxsan topshirish talab etilishi mumkin.
Muvaffaqiyatli viza olgan shaxslar Buyuk Britaniyaga safar qilishdan avval o‘zlarining Buyuk Britaniya Viza va immigratsiya boshqarmasining shaxsiy onlayn kabinetiga kirib, E-Visa’sini va immigratsiya ruxsatini tekshirishi kerak bo‘ladi.
Qayd etilishicha, 2026-yil 1-iyuldan boshlab Buyuk Britaniya yangi viza oluvchilarga pasportga yopishtiriladigan visa vignette (viza stikeri) berishni ham to‘xtatgan. Endilikda yangi ariza topshiruvchilarga faqat elektron viza rasmiylashtiriladi.
Shuningdek, agar ariza topshiruvchi pasportini Viza ariza markaziga topshirgan bo‘lsa, u ariza ko‘rib chiqilishi davomida egasiga qaytariladi. Viza ma’qullangan taqdirda esa safar qilishdan oldin E-Visa Buyuk Britaniya Viza va immigratsiya boshqarmasi hisobida ko‘rinishi lozim.