Google’ning sun’iy intellektga asoslangan Gemini servisi oylik faol foydalanuvchilari soni bo‘yicha 1 milliardlik chegaradan oshdi. Bu haqda Google bosh direktori Sundar Pichai 12-avgust kuni ma’lum qildi.
Gemini 2023-yilda ishga tushirilganidan buyon foydalanuvchilar auditoriyasini tez sur’atlarda kengaytirib kelmoqda. 2025-yil may oyida servisdan oyiga 400 million kishi foydalangan bo‘lsa, 2026-yil mayiga kelib bu ko‘rsatkich 900 millionga yetgan. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Gemini yana 100 million foydalanuvchi qo‘shib, 1 milliardlik marrani zabt etdi.
Google ma’lumotlariga ko‘ra, Gemini kompaniya tarixida oyiga 1 milliard faol foydalanuvchiga ega bo‘lgan 14-mahsulotga aylandi.
Bunday natijaga ega boshqa Google mahsulotlari qatorida Google Search, Gmail, Drive, Android, YouTube va Chrome kabi mashhur servislar bor.
Gemini’ning tez ommalashishida uning Google ekotizimi bilan integratsiyasi muhim rol o‘ynamoqda. Sun’iy intellekt xizmati Android qurilmalari, Google qidiruvi va kompaniyaning boshqa mahsulotlari bilan bog‘langan. Bundan tashqari, undan veb-versiya va iOS ilovasi orqali ham foydalanish mumkin.
Google Gemini’ni kompaniya tarixidagi eng tez o‘sayotgan mahsulotlardan biri sifatida baholamoqda.
Gemini’ning 1 milliard oylik faol foydalanuvchiga yetishi sun’iy intellekt bozorida Google va OpenAI o‘rtasidagi raqobat tobora kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, Google e’lon qilgan 1 milliardlik ko‘rsatkich aynan Gemini ilovasi va veb-versiyasidan foydalanuvchilarga tegishli. Google qidiruvi yoki boshqa mahsulotlarda mavjud sun’iy intellekt funksiyalaridan foydalanadiganlar ushbu raqamga kiritilmagan.
Avvalroq ChatGPT ham oyiga 1 milliard faol foydalanuvchi ko‘rsatkichiga yetgani haqida ma’lum qilingan edi. Shu tariqa ikkala kompaniyaning sun’iy intellekt xizmatlari global auditoriya uchun kurashda yangi bosqichga chiqmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!