O‘zbekiston milliy jamoasi Kongo DRga qarshi bahs oldidan Atlanta shahridagi Mercedes-Benz Stadiumda tashkil etilgan matbuot anjumanida qatnashdi. Unda bosh murabbiy Fabio Kannavaro hamda jamoa sardori Eldor Shomurodov ishtirok etdi. 🇮🇹 Kannavaro raqibni tajribali, lekin shunga qaramay, O‘zbekiston maydonga faqat g‘alaba uchun tushishini ta’kidladi.
"Kongo DR yaxshi shakllangan va tajribali jamoa. Biz esa bu bahsda g‘alaba qozonish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Ilk ikki turda eng kuchli raqiblarga qarshi o‘ynadik va bu uchrashuvlardan muhim xulosalar chiqardik. Endi esa o‘z imkoniyatlarimizni ko‘rsatish vaqti keldi", — dedi italiyalik mutaxassis.
"Bizda yuqori saviyadagi uch nafar darvozabon bor. Birinchi o‘yinda O‘tkir Yusupov yaxshi harakat qildi, ammo boshqa posbonlarimiz ham imkoniyatga loyiq. Bu turnirda har bir futbolchining tajriba orttirishi muhim", — dedi Kannavaro.
"Futbolchilar maydonga erkin chiqishlari kerak. Biz o‘yin sifati ustida ishlayapmiz va ertaga ham jamoa sifatida o‘sish uchun muhim imkoniyatga ega bo‘lamiz", — deya qo‘shimcha qildi u.
🇺🇿 Jamoa sardori Eldor Shomurodov ham bahsda asosiy maqsad ilk g‘alabani qo‘lga kiritish ekanini ta’kidladi.
"Biz muxlislarimizni xursand qilishni istaymiz. Ilk golimizni urdik, endi esa birinchi g‘alabaga erishish vaqti keldi. Hujum qilish bilan birga, himoyada ham intizomni saqlashimiz lozim. Eng muhimi — tartibli o‘yin ko‘rsatib, ijobiy natijaga erishish", — dedi hujumchi.
Shomurodov, shuningdek, AQSHdagi va O‘zbekistondagi muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi jamoaga katta kuch bag‘ishlayotganini ta’kidlab, ularning ishonchini oqlashga harakat qilishlarini bildirdi. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston — Kongo DR uchrashuvi 28-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:30da boshlanadi. Ikki turdan so‘ng, Kongo DR hisobida 1 ochko mavjud bo‘lsa, O‘zbekiston milliy jamoasi hali ochko jamg‘armagan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!