Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasida korrupsiya uchun mansabdor shaxslarga nisbatan o‘lim jazosini qo‘llash taklifi ilgari surildi. Bu haqda «Spravedlivaya Rossiya» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov RTVI telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim korrupsiyaviy jinoyatlar fuqarolar xavfsizligi hamda mamlakatning mudofaa qobiliyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Shu bois, bunday harakatlarni josuslik va davlatga xiyonat kabi og‘ir jinoyatlar bilan tenglashtirish taklif etilmoqda. «Agar mansabdor shaxsning g‘arazli maqsadlarda sodir etgan harakatlari fuqarolar xavfsizligi va mamlakat mudofaa salohiyatiga bevosita putur yetkazsa, qonunchilikdagi bo‘shliqqa duch kelamiz. Bunday jinoyatlarni davlatga xiyonat va josuslik bilan tenglashtirish hamda o‘lim jazosi bilan jazolash kerak», — dedi Mironov.
Taklifga ko‘ra, Rossiya Jinoyat kodeksiga o‘zgartirish kiritilib, «mamlakat mudofaa qobiliyati va fuqarolar xavfsizligiga zarar yetkazishga sabab bo‘lgan korrupsiyaviy faoliyat» nomli yangi jinoyat tarkibini joriy etish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, Rossiya qonunchiligida o‘lim jazosi eng og‘ir jazo chorasi sifatida saqlanib qolgan bo‘lsa-da, 1997-yildan buyon unga nisbatan muddatsiz moratoriy amal qilib kelmoqda. Shu sababli mamlakatda o‘lim jazosi amalda qo‘llanilmaydi. Ma’lumot uchun, Rossiyada o‘lim jazosi ijro etilgan so‘nggi mahkum «Fisher» taxallusi bilan tanilgan seriyali qotil Sergey Golovkin bo‘lib, u 1996-yilda otib tashlangan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!