Isroil Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Falastinga yordam olib ketayotgan “Sumud” flotiliyasi faollari qo‘lga olinganidan keyingi holat aks etgan videoni ijtimoiy tarmoqqa joyladi.
Videoda qo‘lga olingan faollar qo‘llari orqaga qayrilgan holda olib ketilgani, keyin esa beton maydonda tiz cho‘ktirilib, boshlarini yerga egishga majburlangani tasvirlangan. Shuningdek, ularga Isroil madhiyasi eshittirilgani ham ko‘rinadi. Kadrlar fonida Ben-Gvir qo‘riqchilarga “ularning qichqiriqlariga e’tibor bermang” degani eshitiladi. Vazir video ostiga: “Terrorizm tarafdorlarini mana shunday kutib olamiz”, deb yozgan.
Mazkur holat nafaqat Yevropa davlatlari rahbarlari, balki Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu tomonidan ham keskin tanqid qilindi.
Netanyaxu Isroil “provokatsion flotiliyalar”ning hududiy suvlarga kirishini to‘xtatishga haqli ekanini aytgan bo‘lsa-da, Ben-Gvirning faollarga munosabati “Isroil qadriyatlari va me’yorlariga mos emas”ligini ta’kidladi.
Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar esa Ben-Gvirni “davlatga uyatli shou orqali zarar yetkazganlikda” aybladi.
Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Ivett Kuper videodan “dahshatga tushgani”ni bildirib, bu inson sha’ni va qadr-qimmatiga zid ekanini aytdi.
Italiya Bosh vaziri Jorja Meloni esa faollar, jumladan Italiya fuqarolari tahqirlangani uchun Isroildan uzr so‘rashni talab qilgan. Unga ko‘ra, Italiya TIV Isroil elchisini chaqirtiradi. Shuningdek, Kanada va Niderlandiya ham Isroil elchilarini chaqirish niyatida ekanini bildirgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!