Senat tovarlarni majburiy raqamli markirovka qilish qoidalariga rioya etilishini masofaviy soliq tekshiruvi orqali nazorat qilishni nazarda tutuvchi qonunni ma’qulladi.
Qonunga ko‘ra, masofaviy soliq tekshiruvini boshlashdan avval soliq organlari qoida buzilishi aniqlangan soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga ikki marotaba rasmiy ogohlantirish yuborishi shart bo‘ladi.
Tekshiruv soliq organi rahbari yoki uning o‘rinbosari buyrug‘i asosida o‘tkaziladi. Unda soliq to‘lovchining nomi va identifikatsiya raqami, tekshiruvchilar haqidagi ma’lumotlar, tekshiruv muddati hamda maqsadi ko‘rsatiladi.
Belgilanishicha, masofaviy soliq tekshiruvi 5 kundan oshmasligi kerak. Tekshiruv dalolatnomasi soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga elektron shaklda yuborilgan sana tekshiruv yakunlangan kun hisoblanadi.
Shuningdek, soliq organi tekshiruv materiallari ko‘rib chiqiladigan sana, vaqt va joy haqida soliq to‘lovchini kamida 2 ish kuni oldin xabardor qilishi shart.
Masofaviy tekshiruv yakuni bo‘yicha qabul qilingan qaror soliq to‘lovchining shaxsiy kabinetiga yuborilganidan bir oy o‘tgach kuchga kiradi. Bunday tekshiruvlarni o‘tkazish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qonun bilan ishlab chiqaruvchilar, import qiluvchilar va sotuvchilar tomonidan majburiy raqamli markirovka qoidalari buzilgani uchun jarimalar joriy etilmoqda.
Agar qoida buzilishi masofaviy soliq tekshiruvi orqali aniqlansa, jarimalar quyidagicha bo‘ladi:
— birinchi qoidabuzarlikda — oxirgi hisobot choragi sof tushumining 0,2 foizi;
— bir yil davomida ikkinchi qoidabuzarlikda — 0,4 foiz;
— uchinchi qoidabuzarlikda — 1 foiz;
— to‘rtinchi va undan keyingi qoidabuzarliklarda — 2 foiz miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Hozirgi tartibga ko‘ra esa markirovka qoidalarini buzganlik uchun jarima oxirgi hisobot choragidagi sof tushumning 2 foizini, takroriy holatlarda esa 20 foizgacha tashkil etadi.
Qayd etilishicha, qonun noqonuniy mahsulot ishlab chiqarish va aylanmasining oldini olish, shuningdek, aholiga sifatli iste’mol tovarlarini yetkazib berishga qaratilgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!