O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov Toshkent va Samarqandda o‘tkazilayotgan “Islom sivilizatsiyasi: yangi nigoh — yangi kashfiyotlar” xalqaro mediaforumining ochilish marosimida qutlov so‘zi bilan ishtirok etdi.
Forumda dunyoning qariyb 50 mamlakatidan 300 ga yaqin media vakillari, olimlar, ijodkorlar hamda raqamli soha mutaxassislari jamlandi. “Euronews”, CNN, BBC va Al Jazeera kabi yirik xalqaro media brendlari forumning bosh axborot hamkorlari sifatida qatnashmoqda.
Mustaqillikning 35 yilligi arafasida tashkil etilgan forum O‘zbekistonning boy sivilizatsion merosini xalqaro jamoatchilikka zamonaviy talqinda taqdim etish uchun muhim platformaga aylandi.
Sherzod Asadov forumning Islom sivilizatsiyasi markazida o‘tkazilayotganiga alohida e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, islom sivilizatsiyasi, avvalo, ilm-ma’rifat, tafakkur va bag‘rikenglikka asoslangan sivilizatsiyadir.
Buyuk ajdodlarimizning jahon ilm-fani va tafakkuri rivojiga qo‘shgan hissasi nafaqat tarixiy meros, balki bugungi ilmiy, madaniy va innovatsion taraqqiyot bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan intellektual boylik sifatida baholandi.
“Bugungi muhim vazifa — bu bebaho merosni faqat asrab-avaylash bilan cheklanmasdan, uni zamonaviy raqamli formatlarda, yosh avlodga tushunarli tilda va kuchli media talqinlar orqali dunyoga yetkazishdir”, — dedi Sherzod Asadov.
Uning qayd etishicha, milliy va xalqaro jurnalistika tarixiy haqiqatni xolis yoritish, mavjud stereotiplarni bartaraf etish hamda xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishi lozim.
Sherzod Asadov forumni bir martalik tadbir emas, balki uzoq muddatli professional muloqot va hamkorlik uchun yangi platformaning boshlanishi sifatida baholadi.
Forum doirasida ishtirokchilar islom sivilizatsiyasining tarixiy va zamonaviy ahamiyati, uni media orqali targ‘ib qilishning yangi usullari hamda raqamli texnologiyalarning ushbu jarayondagi o‘rni yuzasidan fikr almashmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!