Qashqadaryoda YPX xizmat mashinasini urib ketgan haydovchi 15 sutkaga qamaldi
Chiroqchi tumanida YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay, patrul avtomobiliga urilgan Nexia 2 haydovchisi 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi. U harakatini hujjatlari bo‘lmagani sababli qo‘rqib ketgani bilan izohlagan.
Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, ulardan qochishga uringan haydovchi 15 sutkaga qamaldi.
Voqea 12-avgust kuni sodir bo‘lgandi. Tungi xizmatga jalb qilingan YPX inspektorlari tomonidan Nexia-2 avtomashinasi hujjatlarni tekshirish maqsadida to‘xtatilgan. Biroq haydovchi YPX xodimining qonuniy to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, voqea joyidan yashirinishga uringan. Keyingi chorrahada xizmat olib borayotgan YPX xodimi tomonidan ham haydovchiga bir necha bor to‘xtash ishorasi berilganiga qaramay, u ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, harakatni davom ettirgan.
Oqibatda patrul ekipaji tomonidan qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan Nexia-2 xizmat avtomashinasi yordamida cheklangan. Biroq haydovchi patrul avtomashinasini urib yuborib, voqea joyidan yana yashirinishga uringan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida haydovchining shaxsi aniqlanib, ushlangan.
«Hujjatim yo‘qligi sabab GAI xodimlaridan qo‘rqib, qarama-qarshi harakatlandim», – degandi u o‘shanda.
Chiroqchi tumani sudi qarori bilan haydovchiga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 34-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq, uzil-kesil 15 sutka qamoq jazosi tayinlandi. Sudda u qilmishidan pushaymonligini bildirgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!