Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi maktablarda o‘quvchilar davomatini sun’iy intellekt yordamida nazorat qilishga mo‘ljallangan yangi tizim ishga tushirildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar berdi.
17-sentyabr kuni Toshkent shahar hokimligining Vaziyatlar markazida “SI Davomat” tizimining taqdimoti o‘tkazildi. Yangi tizim o‘quvchilarning darslarga qatnashishini nazorat qilish, ta’lim jarayonini tahlil qilish va aniqlangan muammolarni o‘z vaqtida ko‘rib chiqishga xizmat qiladi.
Tizim maktablarda darslarning tashkil etilishi, o‘quvchilarning faolligi hamda o‘qitish usullarini fan, sinf va o‘qituvchilar kesimida tahlil qilib boradi. Ushbu ma’lumotlar pedagoglarni metodik qo‘llab-quvvatlash, ta’lim sifatini baholash va KPI tizimini takomillashtirishda foydalanilishi ko‘zda tutilgan.
“SI Davomat” doirasida smart-kameralar va Face ID texnologiyasidan foydalaniladi. Ular o‘quvchilarning maktabga kelishi va darslarda qatnashishini avtomatik qayd etadi. Tizim, shuningdek, o‘quvchining darslarni, jumladan, ayrim fanlarni muntazam qoldirayotganini aniqlash imkonini beradi.
Agar o‘quvchi uzrli sababsiz dars qoldirsa, bu haqda ota-onasiga SMS orqali xabar yuboriladi. “ERP Maktab” hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining DMED tizimlari bilan integratsiya qilingani sababli kasallik tufayli qoldirilgan darslar ham avtomatik ravishda hisobga olinadi.
Hozirda “SI Davomat” tizimi Sergeli tumanidagi 26 ta maktabda ishlamoqda. Ushbu ta’lim muassasalarida jami 446 ta smart-kamera o‘rnatilgan.
Hokimlik ma’lumotlariga ko‘ra, tizimni sinovdan o‘tkazish natijalari uning Toshkent shahridagi boshqa maktablarda ham bosqichma-bosqich joriy etilishi uchun asos bo‘lishi mumkin.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!