Toshkentda taksi haydovchisi bilan yuzaga kelgan mojaro vaqtida unga kuch ishlatgan bloger qamoqqa olindi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Axborot-multimedia markazi boshlig‘i o‘rinbosari Qahramon Xudoyberganov ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, bloger Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida qamoqqa olingan.
Voqea qanday sodir bo‘lgan?
17-avgust kuni Toshkent shahrining Yashnobod tumanida taksi haydovchisi va yo‘lovchi ayol o‘rtasida mojaro yuzaga kelgan. Mojaro vaqtida ayolning ikki nafar tanishi bo‘lgan bloger ham voqea joyiga yetib kelib, haydovchi bilan janjallashgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, blogerlar haydovchini haqorat qilib, unga nisbatan kuch ishlatgan. Shundan so‘ng haydovchi turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga murojaat qilgan.
Tibbiy ko‘rik davomida uning peshona va ensa qismlarida shishlar, shuningdek, yelka, yonbosh, ko‘krak va qorin sohalarida shilingan jarohatlar aniqlangan.
Voqeadan so‘ng blogerlar haydovchini yo‘lovchi ayolga nisbatan jinsiy tegajog‘lik qilganlikda ayblab, mojaro aks etgan videolarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan. Keyinchalik ular videomurojaat orqali jamoatchilikdan o‘zlarini oqlashda yordam so‘ragan. Biroq mazkur videolar keyinchalik ularning sahifalaridan olib tashlangan.
Hozirda holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!