Xitoyning Sichuan provinsiyasida oilaviy tadbir vaqtida uyning bir qismi qulab tushishi oqibatida 5 kishi halok bo‘ldi, 17 kishi jarohatlandi. Bu haqda mamlakat markaziy televideniyesi xabar berdi.
Hodisa Channin uyezdidagi Sinbao qishlog‘ida oilaning farzandlari oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirganini nishonlash uchun dasturxon yozilgan paytda sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, kuchli yomg‘irlar oqibatida to‘plangan suv uyning devoriga mahkamlangan vaqtinchalik soyabonga ortiqcha og‘irlik qilgan. Natijada soyabon devor bilan birga qulab tushgan.
Hodisa oqibatida 3 kishi voqea joyida, yana 2 kishi esa shifoxonada vafot etgan. Jarohatlangan 17 kishi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun shifoxonaga olib borilgan.
Halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar orasida bolalar yoki yoshlar bor-yo‘qligi hozircha ma’lum emas.
Qayd etilishicha, Sichuan provinsiyasida hafta boshida kuchli yomg‘irlar bo‘yicha ogohlantirish e’lon qilingan. Rasmiylar yog‘ingarchiliklar sababli geologik ofatlar yuzaga kelish xavfi yuqori ekanidan ham ogohlantirgan.
Avvalroq “Delfin” tayfuni sababli Pekinda ommaviy evakuatsiya e’lon qilingani haqida xabar berilgan edi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!