Rossiyadagi eng yirik neftni qayta ishlash zavodlaridan biri — “Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez” Ukraina dronlari hujumidan so‘ng ishlab chiqarish quvvatining yarmidan ko‘prog‘ini yo‘qotdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Avvalroq Rossiyaning Nijegorod viloyati, Kstovo shahridagi zavodga dronlar orqali hujum uyushtirilgandi.
Zarba oqibatida korxonaning asosiy AVT-6 neftni qayta ishlash qurilmasi faoliyati to‘xtatilgan. Ushbu uskuna zavod umumiy quvvatining 53 foizini ta’minlagan hamda kuniga 25,7 ming tonna neftni qayta ishlash imkoniga ega bo‘lgan.
“Lukoyl-Nijegorodnefteorgsintez” Rossiyadagi to‘rtinchi yirik neftni qayta ishlash zavodi hisoblanadi. Korxona yiliga 16 million tonna neftni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik benzin ishlab chiqaruvchilardan biri sanaladi.
Zavod so‘nggi ikki oy ichida ikkinchi bor dron hujumiga uchradi. Joriy yilning 5-aprel kuni ham korxonaga zarba berilgandi. O‘shanda zavod faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani ma’lum qilingan.
Ukraina dronlari hujumlari sabab Rossiyaning markaziy hududlaridagi qator yirik neftni qayta ishlash zavodlari ishlab chiqarishni qisqartirish yoki vaqtincha to‘xtatishga majbur bo‘lmoqda.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!