Toshkent viloyatining Zangiota tumanida 16-iyul kuni kechasi avtomobillarga suyultirilgan gaz to‘ldirish shoxobchasida (AGTSh) sodir bo‘lgan portlash yuzasidan qo‘shimcha tafsilotlar ma’lum qilindi.
Aniqlanishicha, AGTSh faqat avtomobillarga gaz to‘ldirish uchun ruxsat olgan bo‘lishiga qaramay, xavfsizlik qoidalari buzilib, maishiy gaz ballonlariga ham gaz quyilgan. Hodisa vaqtida “Labo” rusumli avtomobilda olib kelingan 100 litrli maishiy gaz ballonlari qo‘lbola o‘tish moslamasi (perexodnik) orqali to‘ldirilayotgan bo‘lgan.
Uchinchi ballonni to‘ldirish vaqtida shlang ulanish joyidan ajralib ketgan va chaqnash yuz bergan. Natijada 2 ta gaz balloni portlagan, yana 4 tasi yongan.
Oqibatda 3 nafar fuqaro turli darajadagi kuyish jarohatini olgan. Ulardan birining tanasining 80 foizi kuygan bo‘lib, ahvoli og‘ir. Qolgan ikki nafar jabrlanuvchining ahvoli o‘rta og‘ir deb baholanmoqda.
Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qo‘mita AGTSh rahbarlarini maishiy gaz ballonlariga gaz to‘ldirish qat’iyan taqiqlanganidan ogohlantirdi. Fuqarolarga esa maishiy ballonlarni faqat vakolatli tashkilotlarda belgilangan tartibda to‘ldirish tavsiya etildi.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!