Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an hafta oxirida rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan bo‘ladigan uchrashuvda Suriya masalalari bo‘yicha sulh bitimi tuzishga umid qilyapti, deb xabar bermoqda Al Jazeera.
“Men payshanba kuni Suriyadagi voqealarni muhokama qilish uchun Moskvaga boraman”, dedi Erdo‘g‘an poytaxt Anqarada o‘tkazilgan uchrashuvda.
“Umid qilamanki, u [Putin] Suriyada sulh tuzish choralarni ko‘radi va biz bu masalaning yechimini topamiz”, deya qo‘shimcha qildi prezident.
Yakshanba kuni Turkiya Suriya Prezidenti Bashar al-Assad kuchlariga qarshi keng ko‘lamli harbiy operatsiya boshlaganini tasdiqladi, ammo Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri qarama-qarshilikka intilmayapti.
“Biz Rossiya bilan yuzma-yuz kelishni istamaymiz. Bizning yagona maqsadimiz – Suriya rejimi qirg‘inlarini, radikal guruhlarni, tinch aholini boshqa joyga ko‘chirishni to‘xtatish”, deydi Turkiya mudofaa vaziri Hulusi Akar.
Erdo‘g‘an o‘z nutqida yakshanba kuni turk kuchlari Halab shahrining sharqidagi Nayrab harbiy aeroportini yaroqsiz holga keltirganini ham aytib o‘tgan.
“Biz hech kimning yordamiga muhtoj emasmiz. Biz o‘z kuchimiz bilan davom etamiz”, dedi prezident.
Shuningdek, dushanba kuni Kreml Turkiya bilan Suriya masalasida hamkorlik qilish ustuvor yo‘nalish ekanligini ta’kidlab, 5-martga rejalashtirilgan Erdo‘g‘an va Putin uchrashuvini rasman tasdiqladi.
“Rossiya bizning turkiyalik sheriklarimiz bilan hamkorlikka katta ahamiyat beradi”, deydi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!