O‘zbekistonda sud ishlariga aralashganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Tegishli qonun 12-sentabrdan kuchga kirdi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga tergov va sud ishlariga aralashganlik uchun javobgarlikni aniqlashtiruvchi o‘zgartirishlar kiritildi. Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks sudga hurmatsizlik qilganlik uchun javobgarlikni belgilovchi yangi norma bilan to‘ldirildi.
Jinoyat kodeksining 236-moddasiga ko‘ra, tergov ishiga noqonuniy aralashish, ya’ni ishning har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokurorga noqonuniy ta’sir o‘tkazish 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Sud ishlarini hal etishga noqonuniy aralashish, jumladan, sudyaga yoki xalq maslahatchisiga ishning xolis ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilish yoki adolatsiz sud hujjati chiqarilishiga erishish maqsadida ta’sir o‘tkazish ham xuddi shunday jazoga sabab bo‘ladi.
Agar ushbu harakatlar mansabdor shaxs tomonidan sodir etilsa, unga muayyan huquqdan mahrum qilish bilan birga 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanishi mumkin.
Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 180-moddasiga sudga hurmatsizlik bilan bog‘liq qo‘shimcha kiritildi.
Unga ko‘ra, sudga qasddan kelmaslik, raislik qiluvchining farmoyishlariga bo‘ysunmaslik yoki sud majlisi yoxud sud binosida tartibni buzish BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi.
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 24-fevralda qabul qilingan, Senat tomonidan esa 19-mayda ma’qullangan.
Hujjatning asosiy maqsadi sudlarning mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini ta’minlash, shuningdek, sudyalar faoliyatiga noqonuniy aralashuvlarning oldini olishdan iborat.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!