Qirg‘izistonning Xitoy oldidagi davlat qarzi 1,4 milliard dollarni tashkil etmoqda. Bu haqda mamlakat moliya vaziri o‘rinbosari Umutjan Amanbayev 2025-yilgi respublika byudjeti ijrosi bo‘yicha hisobot muhokamasi vaqtida ma’lum qildi.
Uning ta’kidlashicha, avval Xitoy oldidagi qarz Qirg‘izistonning jami davlat qarzining qariyb 40 foizini tashkil etgan. Hozirda esa bu ko‘rsatkich 27 foizgacha kamaygan.
Vazir o‘rinbosariga ko‘ra, 2020-yilgacha Xitoyga bo‘lgan qarzdorlik mamlakat byudjetining jami daromadlarining 90–100 foiziga teng bo‘lgan. Joriy yilning dastlabki yetti oyi bo‘yicha hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu qarz byudjet daromadlarining 16 foizini tashkil etgan.
Amanbayev mamlakatning bugungi moliyaviy holati tashqi qarzlarni o‘z vaqtida to‘lash imkonini berayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kreditlar hozirda asosan rivojlanish loyihalari va iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun jalb qilinmoqda.
2025-yilda Qirg‘iziston davlat qarzini to‘lash uchun 77 milliard som yo‘naltirgan. Ushbu mablag‘ning qariyb 70 foizi tashqi qarzlarni qoplashga sarflangan. Moliya vaziri o‘rinbosari mamlakatda muddati o‘tgan qarzdorlik mavjud emasligini ham qayd etdi.
Avvalroq Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov mamlakat tashqi qarzini hatto bir kunda to‘lash imkoniyati borligini bildirgan edi. Uning aytishicha, 2020-yilda tashqi qarzning yalpi ichki mahsulotga nisbati 54 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilga kelib bu ko‘rsatkich qariyb 25 foizgacha kamaygan.
Japarov Qirg‘iziston 2035-yilgacha avval olingan kreditlar bo‘yicha majburiyatlarini muammosiz bajarishini ta’kidlagan.
Ma’lumot uchun, 2023-yilda Japarov mamlakatning tashqi qarzidan voz kechish evaziga Qirg‘izistonda energetika obyektlarini qurishni taklif qilgan. 2024-yilda esa Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Qirg‘izistonning 58,9 million dollarlik tashqi qarzidan voz kechgan.
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!
O‘zbekiston va jahonda ro‘y berayotgan eng so‘nggi voqea-hodisalar, sport, shou-biznes, madaniyat, informatsion texnologiyalar va ilm-fan yangiliklaridan doimo xabardor bo‘ling!